1982 yilda Surxondaryo viloyatining chekka tumanlaridan biri Sariosiyo zaminida tugʻilib voyaga yetgan Faxriddin Chorshanbiev, 14 yildirki, ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilib kelmoqda.

Odatda kamtar odamlarni yaxshi koʻramiz. Bu bizning sharqona mentalitetga xos xususiyat. Safdor Faxriddin Chorshanbievni ham hamkasblari ana shunday kamtarligi, samimiyligi uchun hurmat qilishadi. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2007 yildan boshlagan qahramonimiz Sariosiyo hamda Shoʻrchi tumani IIB huzuridagi qoʻriqlash boʻlimlarida xizmat qilgan. 2013 yilda beri hozirgi kunga qadar Sariosiyo tumani IIB jamoat tartibini saqlash guruhining konvoy milisioneri lavozimida xizmat burchini oʻtamoqda. 

U qidiruv hamda giyohvandlikka qarshi kurash tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Qolaversa, ommaviy tadbirlarda ham F.Chorshanbiev boshqa hamkasblari qatori jamoat tartibini saqlashga jalb etilganda odamlar bilan xushmuomala boʻlish, hushyorlikni qoʻldan boy bermagan holda, oʻz masʼuliyatini toʻlaqonli ado etishga mahkam bel bogʻlaydi. 

Toʻrt nafar farzandni umid bilan ulgʻaytirayotgan qahramonimiz ularning tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratadi. Ularning taʼlim-tarbiyasi, maktabdagi xulq-atvorini muntazam nazorat qilishdan erinmaydi. Kundaligidan tortib fanlarni qanday oʻzlashtirishyotganini ham kuzatib boradi. 

Vazifasi qanday boʻlishidan qatʼi nazar, uning masʼuliyatini his qilgan holda vijdonan ado etadigan xodimlar koʻpchilikning eʼtiborida va hurmatida boʻladi. Safdor F.Chorshanbievni ham ana shunday xodimlar sirasiga kiritsak, xato boʻlmaydi. 

Feruza RAHMONQULOVA,

“Postda” muxbiri.

Surxondaryo viloyati.