Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida IIV Akademiyasi 3-bosqich kursantlarining amaliyotga kirishishiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda boshqarma rahbariyati, vazirlik Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi viloyat boʻyicha boshqarmasi, murabbiy etib biriktirilgan xodimlar, kursantlar hamda ularning ota-onalari qatnashdi. 

Taʼkidlanganidek, har yili IIV Akademiyasi bitiruvchi kurs tinglovchilari ish oʻrganish, oliygohda olgan bilimlarini amaliyotda toʻgʻri qoʻllash, kasb sirlarini puxta oʻrganish uchun joylarda amaliy mashgʻulot oʻtaydi. Bunda kursantlarning kasbiy mahorati, jismoniy va jangovar shayligini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Jumladan, viloyat IIBga amaliyot oʻtash uchun kelgan kursantlar shahar-tuman ichki ishlar boʻlimlarida tergov, jinoyat qidiruv, huquqbuzarliklar profilaktikasi, ekspert-kriminalistika yoʻnalishlarida tajribali xodimlar murabbiyligida belgilangan dastur asosida mashgʻulotlarda ishtirok etishadi. Shu bilan birga, ular xizmatda asqatadigan meʼyoriy hujjatlarni ham oʻqib-oʻrganishadi. 

Yigʻilishda amaliyot davomida kursantlar xizmat kiyimida nooʻrin xatti-harakatlar sodir etmasligi, oʻz ustida ishlab, amaldagi buyruq va qonunlarni puxta oʻrganishi, salbiy holatlarga yoʻl qoʻymasligi, tengqurlarining nojoʻya harakatini sezganda ogohlantirishi va bu haqda rahbariyatni xabardor qilishi lozimligi tushuntirildi. Yakunda oʻquv fanlarini aʼlo baholarga topshirgan, namunali intizomli kursantlarning ota-onalariga Akademiya rahbariyatining tashakkurnomalari topshirildi.

S.RAHIMOV,

oʻz muxbirimiz.

Qashqadaryo viloyati.