IIV Xorazm akademik litseyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyatini oʻrganish boʻyicha targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Taʼlim muassasasi oʻqituvchi va oʻquvchilari ishtirok etgan mazkur tadbirni litsey direktori, mayor L.Yaqubov ochib, mazkur qaror yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Yigʻilishda viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik D.Bogʻibekova ishtirok etib, mazkur qaror nafaqat ichki ishlar organlari faoliyatida, balki davlat va jamiyat taraqqiyotida ham muhim oʻrin tutishini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, qarorda IIV akademik litseylari bitiruvchilari uchun IIV Akademiyasida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” va “Tezkor-qidiruv faoliyati” bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga toʻlov-kontrakt asosida 200 nafargacha qoʻshimcha har yillik qabul kvotasini kiritish belgilanganligi, liseylarda oʻquv-tayyorlov markazlarini tashkil etgan holda oʻquvchi va fuqarolar uchun ixtiyoriylik asosida qoʻshimcha oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish boʻyicha pullik taʼlim xizmatlarini koʻrsatish huquqi berilganligini aytib oʻtdi.
Targʻibot tadbirida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
Xorazm viloyati.
