Mahalla — tarbiya oʻchogʻi. Avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan milliy qadriyat va anʼanalarimizni asrab-avaylash, ijtimoiy adolat tamoyillarini qaror toptirishda uning oʻrni hamda ahamiyati beqiyos. Shu bois soʻngi yillarda yurtimizda mahalla institutining nufuzini yuksaltirishga qaratilgan keng koʻlamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada mahalla noyob tuzilma sifatida oʻzini har tomonlama namoyon etayapti. Buni fuqarolar yigʻinlari faollari va profilaktika inspektorlari hamkorligi samarasi oʻlaroq, joylarda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligi taʼminlanayotgani, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldi olinayotgani misolida ham koʻrish mumkin.

Ushbu ishlarning davomi sifatida Buxoro tumani Ichki ishlar boʻlimi masʼul xodimlari tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tumandagi “Istiqbol” mahalla fuqarolar yigʻinida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan targʻibot-tashviqot tadbirlari oʻtkazildi. Tadbirda asosan firibgarlik, uning bugungi kunda eng koʻp uchraydigan turlari, oʻgʻrilik, tan jarohati bilan bogʻliq huquqbuzarlik va jinoyatlarning profilaktikasi, oila-turmush doirasidagi jinoyatlar yuzasidan mahalla faollari bilan fikr almashinilib, mahallaning oqsoqollari, otinoyilari, obroʻ-eʼtiborli fuqarolarning imkoniyatlaridan kengroq foydalanish borasida kelishib olindi.

 

Odiljon UMUROV,

mayor.

         

Buxoro viloyati.