“Buxoro tajribasi” asosida viloyat hokimi B.Zaripov boshchiligida hududlarda sodir etilgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarning “mahallabay” muhokamasi oʻtkazildi. Tadbir viloyat hokimligida videokonferentsaloqa tizimi asosida olib borildi. Unda huquq-tartibot organlari masʼullari, tuman va shaharlarning sektor rahbarlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha viloyat hamda hududiy idoralararo komissiyasiga aʼzo tashkilotlar mutasaddilari, mahallalar yettilik vakillari ishtirok etishdi.

Tanqidiy-tahliliy tarzda oʻtgan mazkur muhokama yigʻilishida sodir etilgan oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularga omil boʻlayotgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilindi. Bu turdagi jinoyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan profilaktik tadbirlar xususida soʻz yuritildi. Shuningdek, jarayonda muhokamaga qoʻyilgan ushbu mahallalar masʼullariga, hududiy sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilindi.

Muhokama yakunida viloyat hokimi B.Zaripov barcha darajadagi tashkilotlar rahbarlari, mahalla yettilik vakillariga har bir koʻcha, qishloq, ovul va aholi punktlaridagi muammoli oilalarni oʻz vaqtida aniqlash, mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish, ishsizlikni kamaytirish, migratsiyada yurib qiynalgan fuqarolarni qaytarish va ularni ish bilan taʼminlash, migratsiyada yurgan fuqarolarning oila aʼzolari, sudda nizolashayotgan yoki nizoli oila sifatida profilaktik hisobga olingan, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar, probatsiya nazorati ostida turgan, shuningdek, ruhiy asab hamda narkologiya dispanseri roʻyxatida turgan, oilaviy zoʻravonlikka uchragan shaxslar bilan manzilli ishlash borasidagi hamkorlikda vazifalar yuzasidan oʻzining koʻrsatma va topshiriqlar berdi.

SH.HAYITOV,

podpolkovnik.

Buxoro viloyati.