Jazo muqarrarligini taʼminlash, mahkumlar ongida qonunga itoatkorlik hissini uygʻotish maqsadida probatsiya guruhi hamda jinoyat ishlari boʻyicha shahar va tuman sudlari tomonidan sayyor sud yigʻilishlari oʻtkazilmoqda.
Ushbu sud jarayonlarida jazoni oʻtash davrida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilgan, zimmasidagi vazifaga masʼuliyat bilan yondashgan, tuzalish yoʻliga oʻtgan shaxslarni muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoki jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlagan, sud tomonidan oʻrnatilgan taqiq va cheklovlarga rioya qilmagan ayrim mahkumlarning jazo turlarini ogʻirroq jazoga almashtirish masalalari koʻrib chiqilmoqda.
Jinoyat ishlari boʻyicha Yangiariq tuman sudi tomonidan mazkur yoʻnalishda sayyor sud yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda tuman IIB Probatsiya guruhining nazorat ostida turgan 13 nafar shaxsni jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish toʻgʻrisidagi taqdimnoma koʻrib chiqildi va qanoatlantirildi. Shuningdek, belgilangan jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlab kelgan 1 nafar shaxsning oʻtalmagan jazo muddati ozodlikdan mahrum qilish jazo turiga almashtirildi.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
