Navoiy viloyati IIB Tashkiliy boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlinmalari xodimlarining bilim saviyasi va kasbiy mahoratini oshirish maqsadida oʻquv seminari tashkil etildi.

Unda shahar-tuman IIB tashkiliy boʻlinmalari boshliqlari, murojaatlar bilan ishlash guruhlari, navbatchilik qismlari xodimlari hamda viloyat IIBning mustaqil boshqarmalari, sohaviy xizmatlari, shahar-tuman IIBlarining ish yuritish va tartibot yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan kotibiyat vakillari ishtirok etdi. 

Dastavval seminar ishtirokchilari bilan saf koʻrigi oʻtkazildi. Soʻng xodimlar tomonidan sodir etilayotgan qonun buzish holatlari tahlil qilinib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari haqida soʻz yuritildi. Shuningdek, “Korrupsiya – jaholatga yoʻl” nomli maxsus videorolik namoyish qilindi.

Oʻquv dasturiga muvofiq, har bir yoʻnalish boʻyicha xodimlarga boshqarmaning masʼul xodimlari tomonidan mashgʻulotlar oʻtildi. Shunisi eʼtiborliki, seminar mashgʻulotlari ochiq va samimiy ruhda, erkin savol-javob tarzida oʻtdi. Xodimlar oʻzlarini qiynab kelayotgan va ish yurituv jarayonlari bilan bogʻliq muammoli vaziyatlarga ham aniqlik kiritishdi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi IIV ShXBB Navoiy viloyati boʻyicha boʻlimi masʼul xodimlari tomonidan xizmat intizomini mustahkamlash borasida fikr-mulohazalar bildirildi.  

Kunning ikkinchi yarmida oʻquv mashgʻulotlari yakuni hamda birinchi chorak davomida viloyat ichki ishlar organlari tashkiliy boʻlinmalari xodimlarining faoliyati natijalari boʻyicha hisobot yigʻilishi oʻtkazildi. Unda xato-kamchiliklarga yoʻl qoʻygan xodimlar tanqid qilinib, ijobiy natijalarga erishib kelayotganlarga minnnatdorlik bildirildi. 

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.