Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga tashrif buyurgan IIV ishchi guruhi aʼzolari xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, vatanparvarlik burchagi bilan yaqindan tanishishdi. Kichik muzeyni eslatadigan vatanparvarlik burchagidan viloyat ichki ishlar organlari tarixi, tizimda xizmat qilgan davlat mukofoti sovrindorlari, sport ustalari, oʻz burchini bajarish chogʻida halok boʻlganlar hamda baynalminal jangchilar haqidagi suratli lavhalar joy olgan. 

Mehmonlar, shuningdek, Boshqarma hovlisida zamonaviy talablar asosida toʻliq jihozlangan “WorkOut” maydonchasini koʻzdan kechirishdi. Bu yerda yaratilgan qulayliklar xodimlarga boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, sport bilan muntazam shugʻullanish imkonini beradi. 

Keyingi manzil olis Nurota tumani boʻldi. Mehmonlar tuman IIBda tashkil qilingan vatanparvarlik burchagi bilan tanishishdi. Shuningdek, xodimlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, kitobxonlik burchagi, sport maydonchasini koʻzdan kechirishdi. Bundan tashqari, xodimlarning bilim saviyasi, sohaga oid Prezident farmonlari hamda IIV buyruqlari boʻyicha ularning bilim koʻnikmalari tekshirildi. Muloqotlar jarayonida xodimlarning murojaatlari ham tinglandi.  

Kunning ikkinchi yarmida ishchi guruh aʼzolari Xatirchi tumaniga tashrif buyurishdi. Ular asosiy eʼtiborni xodimlarning xizmat intizomiga amal qilishi, fuqarolar bilan munosabatlarda xushmuomala boʻlishi, murojaatlarning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishiga qaratishdi. Mutasaddilar ichki ishlar xodimlariga bu borada zarur tavsiyalar berishdi. Shuningdek, tuman IIBda tashkil qilingan vatanparvarlik burchagi va sport maydonchalari koʻzdan kechirildi. Xodimlarning tizim faoliyatiga doir bilimlari muloqotlar hamda savol-javoblar orqali sinovdan oʻtkazildi. 

 IIV ishchi guruhining viloyatimizga tashrifi tumanlar kesimida davom etmoqda.


Mahliyo XOLOVA,

“Postda”muxbiri.

Navoiy viloyati.