Kun qahramoni

1978 yilda Paxtaobod tumanida tugʻilgan. Toshkentda oʻrta maxsus yongʻin-texnik maktabini tugatib qaytgach, Andijon shahri IIB qoʻriqlash boʻlinmasining texnik qoʻriqlash pulti boshligʻi sifatida faoliyat yurita boshladi. M. Ahmadaliyev 2000 yildan buyon Paxtaobod tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimida xizmat qiladi. Bir necha yil oldin mayorni qariyb 6 ming nafarga yaqin aholisi boʻlgan Mustaqillik mahallasiga katta profilaktika inspektori etib tayinlashdi.  

… Oqshom mahali «Paynet» doʻkonchasi sohibi Ubaydullo Yakubov katta profilaktika inspektori, mayor M. Ahmadaliyevga murojaat qilib, yarim soat oldin doʻkon eshigini ochiq qoldirgan holda tashqariga chiqib ketganida kimdir uning yoʻqligidan foydalanib, noutbukini oʻgʻirlab ketganini bildirdi. 

Mayor oʻnlab guvohlarni soʻroqlab, qoʻshni doʻkonda oʻrnatilgan videokuzatuv kamerasi yozib olgan qaydlarni oʻrganib chiqdi. Unda doʻkonchadan noutbuk koʻtarib chiqib ketayotgan yigit tasvirlangan edi. Guvohlar yordamida uning shaxsi aniqlandi. Oʻgʻri qoʻshni mahallada istiqomat qiluvchi 35 yoshli A.D. boʻlib chiqdi. Katta profilaktika inspektori shu zahotiyoq uning uyi tomon yoʻnaldi. Oʻgʻri noutbukni berkitishga ulgurmagan edi, shu sababdan ichki ishlar organlari xodimiga koʻzi tushishi bilan ortiqcha gap-soʻzsiz oʻgʻirlangan narsani qaytarishga qaror qildi.

Xizmat yillari davomida mayor Mirfayzullo Ahmadaliyev bir qator munosib shogirdlarni tarbiyalashga erishdi. Qoʻshni hududlarda xizmat qiluvchi, har bir ishda ustozidan yordam va maslahat olishni odat qilgan profilaktika inspektorlari, kapitan Ruslan Hakimov, katta leytenant Azamat Tirkashev, leytenantlar Azizbek Muhitdinov, Rustam Qodirov va Tulanboy Arabbayev shular jumlasidandir.

Boris KLEYMAN.

Muallif olgan surat.