Oramizdagi qahramonlar


Navoiy shahridagi Mehribonlik uyining tugatilishi 2019 yildan buyon viloyat Iibda psixolog vazifasida faoliyat olib borayotgan katta leytenant Mavluda Orziyevaning hayotida muhim oʻzgarishlar yasadi. U oʻz xonadonida oilaviy bolalar uyi tashkil etishni niyat qildi...

Mazkur Mehribonlik uyiga Mavludaning qaynonasi Dilbar Orziyeva rahbarlik qilardi. Qalbi oʻksik bolakaylarni oilalarga berish jarayonida opaning shaxsan oʻzi ishtirok etdi. Kelini oxirgi

9 nafar mehrga tashna bolajonni oilasiga olish istagini bildirganda, Dilbar opa avvaliga hayratlandi. Chunki Mavludaning 2 nafar farzandi bor edi. Yana 9 nafar bolani oq yuvib, oq tarashning oʻzi boʻladimi.

– Kasbim taqozosiga koʻra, Mehribonlik uyiga tez-tez borib turardim. U yerdagi bolalarning taqdiri menga begona emasdi. Turmush oʻrtogʻimning roziligi bilan 5 oʻgʻil va 4 qizni bagʻrimizga oldik. Birgalikda ular uchun barcha zarur sharoitlarni, eng muhimi, oila muhitini yaratishga harakat qilyapmiz. Maqsadimiz bitta – bolajonlarni jamiyatga kerakli insonlar qilib tarbiyalash, ularga hayotda oʻz oʻrinlarini topishga koʻmaklashish. Bu yoʻlda uchraydigan har qanday qiyinchilikni yengib oʻtishga tayyormiz, – deydi qahramonimiz.

Shunday qilib, katta leytenant Mavluda Orziyeva xalqimizga xos insonparvarlik, bagʻrikeng­lik, oʻzbek onalariga xos mehribonlik bilan 9 nafar bolani oʻz bagʻriga oldi. Orziyevlar oilasi bir yoqadan bosh chiqarib, ularga mehr ulashmoqda. Hozirda ular Karmana tumani Oʻzbekiston mahallasida ahil-inoq, katta oila boʻlib istiqomat qilishmoqda. Biz ushbu xonadonda boʻlganimizda, bunga oʻzimiz ham guvoh boʻldik. Ayniqsa, 12 yoshli Angelinaning soʻzlaridan hayratlandik.

– Men Mehribonlik uyiga kelganimda juda kichkina edim. Tarbiyachi opalar bizga gʻamxoʻrlik qilishardi. Mavluda onam har gal kelganlarida, nafaqat menda, balki akalarim, opalarimda ham ajib hissiyot uygʻotardi. Menimcha, onalik mehri shu boʻlsa kerak, – deydi u chuqur entikib. – Men ulgʻayganimda bolalar shifokori boʻlmoqchiman. Toki dunyoda hech bir bola dard chekmasin. Shu orqali onajonimning ishonchini oqlayman, chunki u kishi har tong kelajakda biz ajoyib insonlar boʻlib yetishishimizga ishonishini takror-takror aytadi.

IIV ishchi guruhining Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida Mavluda Orziyevaning xizmatlari munosib eʼtirof etildi. Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan unga muddatidan oldin «kapitan» maxsus unvoni berildi. Bolalarga badiiy kitoblar jamlanmasi va esdalik sovgʻalari tuhfa etildi.

 

Mahliyo XOLOVA,

«Postda» muxbiri.

Navoiy viloyati.