Qadimdan xalq orasida keng qoʻllanib kelingan va inson salomatligi uchun foydali mahsulot sifatida tan olingan dumba yogʻi tarkibida A, V, D, YE, K vitaminlari, kaliy, magniy, mis, rux, fosfor va boshqa minerallar bor. Koʻpgina foydali xususiyatlarga ega boʻlgan bu koʻrinishdagi yogʻ koʻzlar uchun juda foydali. U miya faoliyatini yaxshilaydi, qonda qand miqdorini meʼyorga soladi, qon aylanishini ragʻbatlantiradi, immunitetni oshiradi, qarish jarayonini sekinlashtiradi va hatto radiatsiyadan himoya qiladi.
Ushbu mahsulot modda almashinuvi, asab va yurak-qon tomir tizimlari, teri holati uchun zarur boʻlgan foydali yogʻ kislotalariga boy. Boshqa yogʻlarga qaraganda xolesterin miqdori kam boʻlgan dumba yogʻi tez hazm boʻladi va oʻzlashtiriladi. Uning isteʼmoli boʻgʻim kasalliklarining oldini olishga, respirator kasalliklarini davolashga yordam beradi. Tanamizni zararli virus va bakteriyalardan himoya qiladi, asab tizimiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, soch va tirnoqlar holatini yaxshilaydi, yuqumli kasalliklardan keyin organizmning tiklanishi va mustahkamlanishiga hissa qoʻshadi.
Biroq ijobiy natijalarni faqat eskirmagan va sifatli dumba yogʻi bera olishini unutmaslik kerak. Har qanday mahsulot kabi, uning ham isteʼmolini meʼyordan oshirmagan maʼqul. Aks holda, tanamizga foyda oʻrniga zarar keltirib qoʻyishimiz mumkin. Surunkali kasalliklar bilan ogʻrigan, oʻt qopi, jigari, oshqozonida muammosi boʻlgan, shuningdek, ortiqcha tana vazniga ega kishilar qoʻy yogʻini shifokor va mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda isteʼmol qilgani maʼqul.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
