Joriy yilning 19 sentyabr kuni soat taxminan 23:35 larda Tuproqqalʼa tumani hududidan oʻtuvchi A-380 avtomobil yoʻlining 493-kilometrida Nukus-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha harakatlanib kelayotgan “Tacuma” rusumli avtomobilʼ “Isuzu” yuk mashinasi bilan toʻqnashib ketadi. Natijada, avtoulov haydovchisi voqea joyida vafot etadi.
Yoʻlovchilardan biri kasalxonaga yetmasdan, yana ikki nafari esa, tuman shifoxonasida vafot etgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Tuproqqalʼa tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yaqinda, shu munosabat bilan ushbu tuman hokimligida mazkur yoʻl-transport hodisasi muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda mahalla fuqarolar yigʻini raislari, korxona va tashkilotlarning rahbarlari, mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, taʼlim muassasalari vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari ishtirok etishdi.
Muhokamada viloyat IIB YHXB, tuman prokuraturasi va IIB rahbarlari soʻzga chiqib, sodir etilgan yoʻl-transport hodisasi va unga imkon bergan holatlar boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Jinoyat muhokamasida oddiy eʼtiborsizlik va masʼuliyatni his etmaslik ana shunday holatning kelib chiqishiga sabab boʻlgani taʼkidlandi.
Shuningdek, yigʻilishda har bir haydovchi zimmasidagi masʼuliyatli vazifani unutmasdan hushyorlik bilan avtomashina boshqarishi, yoʻllarda harakatlanayotgan piyoda, velosiped haydovchisi va boshqalarga eʼtiborli boʻlishlari qayd etildi. Shuningdek, masʼul rahbarlarga ushbu yoʻl-transport hodisasidan yetarlicha xulosa chiqarib, targʻibot tadbirlarini yanada kuchaytirish boʻyicha muhim topshiriqlar berildi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
