Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi 14-sonli oʻrta umumtaʼlim maktabida ichki ishlar organlari faxriysi, yuridik fanlari doktori Abdugʻaffor Sattorovning “El-yurt osoyishtaligi generallari” kitobining taqdimoti hamda asar muallifining soha xodimlari, faxriylar, mahalliy ijodkorlar hamda oʻquvchilar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tadbirda ichki ishlar organlari tizimida muqaddam faoliyat koʻrsatgan hamda ayni vaqtda xizmat qilayotgan 90 nafardan ziyod generallarning sermazmun hayoti, shuningdek mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishga qoʻshgan hissasi haqida soʻzlovchi mazkur asarning ahamiyati toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtildi.
– “El-yurt osoyishtaligi generallari” kitobi taqdimoti bejiz ushbu oʻquv muassasasida oʻtkazilmadi, – deydi Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik Nozim Mahammatov. – Chunki kitob muallifi ayni shu manzilda, Sharof Rashidov tumanining Qangli qishlogʻida tugʻilib oʻsgan, bugun tadbir boʻlib oʻtgan maktabda taʼlim olgan. Ushbu kitobni katta qiziqish bilan oʻqib chiqdim. Unda yurtimiz ichki ishlar organlari tizimi tarixi, uning taraqqiy etishi va bir qator insonlarning xalqimiz osoyishtaligini saqlash yoʻlidagi fidokorona xizmatlari yaxshi ochib berilgan.
Taqdimot davomida oʻquv muassasasi havaskorlar jamoasining “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” nomli badiiy kompozisiyasi namoyish etildi. Shundan soʻng kitob muallifi oʻzi taʼlim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar jamlanmasi hamda esdalik sovgʻasini topshirdi.
Yakunda mehmonlar taʼlim dargohi faoliyati bilan tanishdilar.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Postda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
