Qashqadaryo viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.Islamov rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi fuqarolarning sud-huquq masalalari, ichki ishlar organlariga ishga kirish, ishga tiklash, pasport, fuqarolik, tergov sohasiga oid masalalari boʻyicha ommaviy sayyor qabul oʻtkazdi. Unda vohaning shahar-tumanlarida istiqomat qiluvchi 250 nafardan ortiq fuqarolar ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident Xalq qabulxonasi, Oliy sud, Sudʼyalar Oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda davlat Bojxona qoʻmitasi rahbar xodimlaridan iborat Respublika ishchi guruhiga 133 nafar fuqaro turli masalalar boʻyicha murojaat qildi. Murojaatlarning 36 tasi joyida ijobiy hal etildi, 97 ta murojaat vaqt va mablagʻ talab etishi inobatga olinib, ijrosi nazoratga olindi.

Sayyor qabullarda fuqarolarning huquq va manfaatlari taʼminlanishi borasida uchrayotgan muammolar yuzasidan murojaatlar tinglanib, ayrimlariga qonuniy yechim topildi. Vaqt va mablagʻ talab etadigan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Chiroqchi tumani “Uymovut” MFYda yashovchi fuqaro M.Egamberdiev, Kitob tumani “Bektemir” MFYda yashovchi fuqaro A.Xudoynazarov va Qarshi tumani “Oʻzbekiston mustaqilligi” MFYda yashovchi fuqaro I.Akramovlar Qarshi shahar IIOFMBga profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchisi lavozimlariga ishga qabul qilindi.

Sayyor qabullar jarayonida yoshlarga ID kartalar tantanali ravishda topshirildi.

 Sodiq RAHIMOV,

 “Postda” muxbiri.

 Qashqadaryo viloyati.