Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi JIED boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik Mansur Qodirov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegasiyasi Qirgʻiz Respublikasida boʻldi. Uchrashuvda Qirgʻiz Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi JIEX raisi Askat Egemberdiyev va tegishli rahbarlar ishtirok etdi. 

Tashrif davomida delegasiya aʼzolari JIEX markaziy apparati faoliyati bilan tanishib, Chuy viloyatidagi bir qancha obʼektlarda boʻldi. Moldovanovka qishlogʻida qamoqxona xodimlari va mahalliy aholining farzandlari uchun rekonstruksiya qilingan bolalar bogʻchasini koʻzdan kechirgan mehmonlarga kichkintoylar ijodiy chiqishlarini taqdim etishdi.

Soʻngra delegasiya aʼzolari 31-sonli davolash-axloq tuzatish muassasasi va 300 dan ortiq oʻrinli koʻp tarmoqli shifoxona, «Kelechek» va «Koʻchma mexanizasiyalashgan kolonna» davlat korxonalarida boʻlishdi. Mehmonlarga JIEX muassasalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallari namoyish etildi. Shuningdek, 2-sonli axloq tuzatish koloniyasida tikuvchilik va novvoychilik yoʻnalishidagi ishlab chiqarish sexlari, mahkumlar oʻrta maxsus taʼlim olayotgan bilim yurti bilan ham tanishildi. 

Tashrif yakunida mehmonlar Adliya vazirligi huzuridagi qoʻriqlash va konvoy xizmati, oʻquv markazi bilan ham tanishishdi. Harbiy orkestr joʻrligida tantanali marsh bilan kutib olingan delegasiya 

aʼzolariga JIEX «OMEGA» maxsus kuchlari oʻzlarining jangovar tayyorgarligini namoyish etishdi.

Xalqaro hamkorlik doirasidagi amaliy ishlarning uzviy davomi sifatida Qozogʻiston Respublikasi IIV Jinoyat-ijroiya tizimi qoʻmitasi raisi, polkovnik Tenizjan Djanibekov boshchiligidagi delegasiya rasmiy tashrif bilan Oʻzbekiston Respublikasida boʻldi.

Tashrifdan koʻzlangan maqsad mahkumlarning ish bilan taʼminlanishi, ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish borasidagi ilgʻor tajribani oʻrganishdan iborat. Shuningdek, mahkumlarni saqlash sharoitlarini hamda JIEMning taʼmirlanishi va yangi muassasalar qurilishini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratildi.

Qozogʻiston delegasiyasi vakillari tashrif davomida 13-sonli jazoni ijro etish koloniyasida, Markaziy tergov hibsxonasida, 44-sonli manzil-koloniyasining ishlab chiqarish uchastkasida va 42-sonli manzil-koloniyasining fermasida boʻlib, mahkumlar uchun umumiy taʼlim va kasb-hunarga oʻrgatish tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari bilan toʻliq tanishishdi.

Tashrif yakunida penitensiar xizmatlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik boʻyicha kelishib olindi.

Shaxrizod ShOKIROV, 

kapitan.