Jinoyat muhokamasi
2020-yildan 2024-yilning ikkinchi yarmiga qadar Forish tumanining Oybek nomli mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasi mansabdor shaxslari 8 milliard 326 million soʻmlik tabiiy gazni talon-toroj qilishgani fosh qilindi. Bu jinoyatga tabiiy gaz taʼminoti korxonalarining bir necha mutasaddilari bosh qoʻshgani aniqlandi. Agarda kommunal sohani nazorat qiluvchi idoralar vakillari oʻz vazifalarini masʼuliyat bilan bajarganlarida edi, mazkur qonunbuzarlik sodir boʻlmasdi.
Ushbu fikrlar Forish tumanida aholi vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi va kommunal tizimlar vakillari ishtirokida oʻtkazilgan jinoyat muhokamasi avvalida bildirildi. Chunonchi, Paxtakor tumanining «Gʻalaba» mahallasidagi avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasi mansabdorlari qariyb 784 million soʻmlik tabiiy gazni talon-toroj qilishgani aytildi.
Yigʻilishda ichki ishlar organlari xodimlari kommunal soha vakillari bilan hamkorlikda oʻtkazgan reydlar natijalari tilga olindi. Jumladan, 2024-yil davomida ana shunday tadbirlar natijasida Forish tumanida energiya manbalari bilan bogʻliq 110 ta qonunbuzarlik aniqlangan. Oʻz navbatida, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, kommunal toʻlovlarning undirilishi, kuz-qish mavsumida ijtimoiy-iqtisodiy obyektlar hamda aholi turarjoylarini issiqlik bilan taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qilingan ishlar koʻrib chiqildi.
Shuningdek, yongʻin xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya qilish hamda is gazidan zaharlanishga yoʻl qoʻymaslik masalalariga eʼtibor qaratildi. Tadbir yakunida kommunal sohada qonunbuzarliklarning oldini olish yuzasidan masʼullarga topshiriq va tavsiyalar berildi.
Alijon ABDUSATTOROV,
oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
