Millat yoʻgʻu bori til.

Millat gʻurur, ori til.

Qadri baland, qaddi tik,

Qiymati yuqori til.

Bobomdan meros tilim,

Oʻz-oʻzimga mos tilim.

Qiyosi yoʻq, bebaho,

Podshoh tilim, xos tilim,

Onam allasida sen,

Elim yallasida sen.

Yangragaysan baralla,

Avj pallasida sen.

Xalqimning yuzi-koʻzi,

Koʻnglidek xuddi oʻzi.

Moziydan sado bergan,

Navoiy bobom soʻzi.

Kimdir hurmat qilmasa,

Nazariga ilmasa.

Achinaman, afsuski,

Seni yaxshi bilmasga.

© Jahongir SHAROFBOYEV