Bugun yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy hayot bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ochiq eshiklar kuni tadbirlarini oʻtkazish anʼanaga aylandi. Shunday tadbirlardan biri IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Qashqadaryo viloyatida joylashgan 7533 harbiy qismda 17- umumtaʼlim maktabdan tashrif buyurgan oʻquvchi-yoshlar uchun ham oʻtkazildi. 

Yoshlar harbiy qismdagi ilgʻor mutaxassislar tomonidan sohaning sir-asrorlari bilan tanishtirildi. Ular dastlab saf maydoni bilan tanishib, saf usullaridan iborat mashgʻulotni tomosha qildi. Tadbir davomida 80 nafardan ortiq maktab oʻquvchilari uchun harbiy qism tomonidan harbiy texnika, qurol-aslaha va maxsus harbiy vositalar, xizmat iti yordamida turli xil koʻrgazmali chiqishi namoyish etildi.

 Oʻq otish haqida tushuncha berib oʻtildi va oʻquvchi yoshlarni qiziqtirish maqsadida xavfsiz holatda maxsus himoya kiyimlarini kiygan holda oʻq otish trenajyorida askarlar hamda yoshlar oʻrtasida musobaqa oʻtkazildi. Bu esa barchada katta qiziqish uygʻotdi.

Bunday qurol-aslahalarni men televizorda, rasmlarda koʻrganman, - deydi 17-umumtaʼlim maktab oʻquvchisi Oybek Hamroqulov. – Doʻstlarim bilan birga bu yerga kelganimdan xursandman. Sababi, harbiy shifokor boʻlish orzuim bugun qatʼiy maqsadga aylandi. Buning uchun aʼlo baholarga oʻqib, askar akalarim kabi Vatanga sidqidildan xizmat qilish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.

Ekskursiya davomida, qoʻmondonlik miqyosida oʻtkazilgan tanlov va bellashuvlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ilgʻor harbiy xizmatchilar yoshlarga hamrohlik qildi. Bu esa, yoshlarda Vatan himoyachisi boʻlishdek masʼuliyatni mustahkamlaydi.

   Shuningdek, oʻquvchilarga harbiy xizmatchilarning yashash sharoitlari va harbiy tayyorgarlik mahoratlariga oid savollariga yetarlicha javob berildi. Ayniqsa, buyuk sohibqiron Amir Temur va Turon qoploni Jaloliddin Manguberdi xonalariga sayohat davomida yoshlar oʻzlarini katta bir tarixiy muzeyga tushib qolgandek his etdi.

   Vatan himoyachisi boʻlishni maqsad qilgan oʻquvchilar esa harbiy akalaridan tegishli tavsiyalar hamda yoʻl-yoʻriqlar olishdi. Tadbir soʻngiga harbiy oʻyin va chiqishlari namoyish etildi. Har sohada mahoratli harbiylarni koʻrgan oʻquvchi yoshlar, vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi ishonchli qoʻllarda ekanligiga yana bir bor guvoh boʻlishdi. 

   OʻzJOKU Harbiy jurnalistika yoʻnalishi

 talabasi Nilufar ALIYEVA