Kun qaxramoni                                                   

            

Sapayev Sanjarbek Farhodovich Bogʻot tumanidagi “Nayman” qishlogʻida tugʻilgan. 2008 yil Yongʻin xavfsizligi oliy harbiy-texnika bilim yurtini tamomlab, 2015 yilga qadar mazkur ilm dargohida oʻqituvchilik qilgan. 2015 yildan Bogʻot tumani IIB HPB profilaktika inspektori lavozimida xizmat faoliyatini davom ettirgan. Ayni kunda u tuman IIB HPB 450-ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika katta inspektori vazifasida xizmat qilmoqda.

– Mayor Sanjarbek Sapayev zimmasiga 4700 nafardan ziyod aholi istiqomad qilayotgan tumandagi “Qalajiqqala” mahallasi osoyishtaligini taʼminlash vazifasi yuklatilgan, – deydi tuman IIB JXX HPB boshligʻi, mayor Umid Yoqubov. – U oʻzbek, turkman, rus, tojik, qozoq, qirgʻiz, tatar kabi oʻndan ortiq millat vakillari istiqomad qilayotgan ushbu hududda jamoat tartibini saqlash, jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishdek masʼuliyatli vazifani sharaf bilan ado etmoqda. Uning mahalla faollari hamda jamoat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda “Xonadonbay”, “Fuqarobay” tizimi asosida amalga oshirayotgan saʼy-harakatlar natijasida odamlarning hayotga, mehnat qilishga boʻlgan ishtiyoqi tubdan oʻzgarib, davlat idoralariga boʻlgan ishonchi yanada ortmoqda.

Lavhamiz qaxramoni joriy yilning oʻtgan davri mobaynida mahalla hududida turli huquqbuzarliklar sodir etgan 105 nafar fuqaroga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirgan. Ikki nafar muqaddam sudlangan shaxsga maʼmuriy nazorat oʻrnatgan. Huquqbuzarlik sodir qilishga moyil boʻlgan 11 nafar shaxs profilaktik hisobga olingan. Oilaviy kelishmovchilik sabab ajralish yoqasiga kelib qolgan 3 ta oilada sogʻlom muhit yaratilgan. Shuningdek, mahalla hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha 21 marotaba targʻibot tadbirlari tashkil etgan. Fuqarolar tomonidan bildirilgan 27 ta ariza va shikoyatlarni oʻz muddatida oʻrganib chiqib, ijobiy hal qilishga erishgan. Amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida joriy yilning oʻtgan davri mobaynida mahalla hududida jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagan. 

Hududda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishdagi faol ishtiroki uchun mayor Sanjarbek Sapayev “III-darajali benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Mamlakatimizda “30 iyul-Xalqlar doʻstligi kuni” keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan viloyatning barcha shahar va tuman hududlarida “Xalqlar doʻstligi haftaligi” doirasida koʻplab madaniy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirlarda millatlararo doʻstlik va totuvlikni mustahkamlash borasidagi xayrli ishlar, ilgʻor tashabbuslar keng targʻib qilindi. Tadbirlar davomida ushbu sohaga oʻzlarining munosib hissasini qoʻshgan koʻplab yurtdoshlarimiz “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishdi. Ular orasida lavhamiz qaxramoni profilaktika katta inspektori, mayor Sanjarbek Sapayev ham bor. 

Haftalik yakuniga bagʻishlangan tantanali marosimda ishtirok etgan mayor Sanjarbek Sapayev Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi Rustambek Qurbonovdan mukofotni qabul qilib olar ekan, “Xalq xizmatida boʻlish eng ulugʻ ish. Uning eʼtirofiga sazovor boʻlish esa chinakam baxtdir. Men ana shunday eʼtirofga munosib koʻrilgan ekanman, yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashga bor bilim va mahoratimni sarflashga doim tayyorman!” deya oʻzining samimiy tilaklarini izhor etdi.  

  

Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri.

Xorazm viloyati.