Saylov — 2021 

1967 yili Qirgʻiziston Respublikasida tugʻilganman. Toʻqsoninchi yillardan buyon qadrdon Oʻzbekistonda yashab, mehnat qilib kelmoqdaman.

Qariyb oʻttiz yil davomida oʻtgan saylovlarning birortasida saylash va saylanish huquqiga ega boʻlmadim. Har saylovda saylovchilar roʻyxatini shakllantirish maqsadida xonadonimizga kelgan uchastka saylov komissiyasi aʼzolari men va oila aʼzolarimdagi fuqaroligi boʻlmagan shaxs uchun berilgan yashash guvohnomasini koʻrib, “Sizda saylovda qatnashish huquqi yoʻq ekan”, deb qaytib ketishar edi. Turmush oʻrtogʻim va mening oʻsha paytdagi holatimizni hozir soʻz bilan taʼriflab berolmayman.

Oʻqituvchiman. Har bir saylov jarayonida men ishlagan kollejda saylov uchastkasi tashkil qilinib, saylov jarayonlarining tashkiliy ishlarida qatnashardim, ammo oʻzimda ovoz berish huquqi yoʻq edi. Saylovga ketayotganlarni koʻrib havas qilardim va ayni paytda koʻnglimdan umidsizlikka toʻla savollar oʻtardi... 

Nihoyat yurtimizdagi koʻplab insonlar qatorida joriy yilda men va oila aʼzolarimga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi. Ishoning, bu bilan men va oilamning uzoq yillik orzulari ushaldi.

Saylov kunini intiqlik bilan kutyapman. Prezidentlik saylovida birinchilardan boʻlib ovoz beraman va bu kun oilamiz tarixining unutilmas sahifasiga, xonadonimiz bayramiga aylanadi.

Shohista Gʻafforova,

Shirin shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori.