Buxoro viloyati MMI va KBTX xodimlari “Intizom oyligi” doirasida IIVning tegishli buyruq talablari asosida shahar va tuman IIBlarida tadbirlar oʻtkazib kelmoqda. Jumladan, Qorakoʻl, Olot va Jondor tumanlari IIBlarida boʻlib, xizmat olib borayotgan xodimlardan “Maʼnaviyat va maʼrifat darsi”larini oʻzlashtirganlik boʻyicha sinov imtihonlari olishdi. Shuningdek, tadbir davomida xodimlarning oʻz vaqtida ishga kelishi, xizmat intizomiga amal qilish va qonuniylikni mustahkamlashga doir tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
* * *
Shofirkon tumani IIB shaxsiy tarkibi hamda ularning ota-onalari ishtirokida xizmat intizomi va qonunchilik talablari buzilishi, korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida muhokama yigʻilishi oʻtkazildi. Bunda xodimlarga xizmat mobaynida poraxoʻrlik va tamagirlik hamda korrupsion holatlarga yoʻl qoʻymaslik, vakolatdan chetga chiqmaslik, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala boʻlish borasida ogohlantirishlar berildi.
Bundan tashqari, xizmatga sovuqqonlik bilan qaragan, vakolat doirasidan chetga chiqqan xodimlarga qatʼiy chora koʻrilishi alohida taʼkidlandi. Yana oylik doirasida xodimlarning xonadonlariga tashrif buyurilib, “xodimbay” tizimi asosida ularning oilaviy ahvoli, yashash sharoiti, mavjud muammolarini joyida oʻrganib, xizmatdan boʻsh vaqtlarini qay yoʻsinda oʻtkazishlari boʻyicha xodimlarga tegishli tavsiyalar berildi.
* * *
Peshku tumani IIBda xodimlarning ota-onalari va mehnat faxriylari bilan “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda nuroniylarimiz, faxriy ustozlarimiz bosib oʻtgan umr yoʻli, boy tajribasi, purmaʼno oʻgitlarini yoshlar bilan oʻrtoqlashishdi. Shundan soʻng xodimlarga xizmat intizomi va qonunchilik talablari buzilishi, korrupsion holatlarning oldini olish borasida tushuntirildi.
M.AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
