Ayni kunlarda oʻtkazilayotgan “Probatsiya oyligi” doirasidagi “Hamkor” tadbiri boʻyicha viloyat IIB Axborot xizmati tomonidan “Press-tur” tashkil etildi. Unda viloyatda amalga oshirilayotgan manzilli ishlar toʻgʻrisida OAV vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar orqali keng jamoatchilikka maʼlumotlar berildi. Shu kuni viloyat IIB JXX Probasiya boʻlimining joylardagi boʻlinma guruhlarida xizmat qilayotgan 12 nafar xodimga elektroskuterlar topshirildi.

Shuningdek, ishtirokchilar boʻlim boshligʻining xizmat xonasidagi kuzatuv kameralari va ish jarayonlari bilan tanishishdi. Soʻngra nazorat ostidagi shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, atrofdagilar bilan muloqotga kirishishi, oilaviy ruhiy muammolarini bartaraf qilish maqsadida Buxoro davlat universiteti psixologi, falfasa fanlar doktori O.Avezov tomonidan oʻtkazilayotgan seminar-trening boʻyicha tushunchalar berildi. Shu bilan bir qatorda, Buxoro shahrida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazida mehnat yarmarkasi va tadbirkorlar bilan uchrashuv hamda sayyor sud majlislari oʻtkazildi. Mehnat yarmarkasi davomida nazorat ostidagi shaxslarning 19 nafari oʻzlari tanlagan ishga joylashishi va 4 nafariga qayta kasbga oʻqitish uchun yoʻllanmalar berilib, 13 nafar shaxsning bandligi taʼminlandi. 

Sayyor sud majlislarida esa 19 nafar nazorat ostidagi shaxsga nisbatan kiritilgan taqdimnomalar jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudi tomonidan koʻrib chiqildi. Xususan, jazoni oʻtash tartib qoidalariga toʻliq rioya qilib, qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va jinoyat qonunchiligiga asosan tayinlangan jazoning belgilangan qismini oʻtab boʻlgan 14 nafar shaxs muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Shu bilan birga, jazoni oʻtash tartib-qoidalarini buzib kelayotgan 4 nafar shaxsning oʻtalmay qolgan jazo muddati ogʻir turdagi jazolar bilan almashtirildi. Jazoni oʻtashdan boʻyin tovlab, yashiringan 2 nafar shaxsga nisbatan qidiruv eʼlon qilindi.

“Press-tur” ishtirokchilari tadbir davomida Buxoro tumani “Rabotak” mahallasi hududida joylashgan huquq-tartibot maskani binosida faoliyat olib borayotgan tuman IIB Probasiya guruhi faoliyatini oʻrganishdi. Bu yerda tashkil etilgan kutubxona bilan ham yaqindan tanishildi. Bundan tashqari, ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtab boʻlgan bir nafar shaxsga kelgusida jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga amaliy koʻmaklashish maqsadida 10 million 500 ming soʻm miqdorida dastlabki ijtimoiy moddiy yordam paketi ajratildi.  

Shuningdek, “Press-tur” ishtirokchilari Vobkent tumanidagi “Vobkent tola klaster” MChJda ishlab kelayotgan tuman IIB JXX Probatsiya hisobida turgan 15 nafar nazorat ostidagi shaxsning, shuningdek, “dastlabki ijtimoiy moddiy yordam paketi” olib, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan tumanning “Kulolchi” mahallasida yashovchi A.Poʻlotovning mehnat faoliyati bilan ham tanishildi.  

Azimjon XOLIQOV,

podpolkovnik.

Buxoro viloyati.