Fuqarolarimiz ichki ishlar organlari xodimlari timsolida oʻzining haqiqiy himoyachisini koʻradi. Ichki ishlar organlari xodimlari nafaqat jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashadi, balki ogʻir vaziyatda qolgan insonlarga oʻz vaqtida yordam ham koʻrsatadi.
Joriy yilning 25 aprel kuni tungi taxminan soat 22:20larda Yunusobod tumani IIOFMB PPX otryadi xodimlari, safdorlar Elnur Kalikulov va Temur Mansurovlar «Shahidlar maydoni»da xizmat vazifasini bajarib yurishgan edi. Shu payt ular mazkur hududdan oqib oʻtuvchi «Boʻzsuv» kanaliga bir ayol yosh bolasi bilan sakraganligini koʻrib qolishadi. Safdor E. Kalikulov oʻylab oʻtirmasdan, oʻzini suvga otadi va avval bolani safdor T.Mansurovga uzatadi. Keyin esa ayol ham suvdan olib chiqiladi.
Ona-bola 7-sonli shahar klinik shifoxonasiga olib boriladi va ularga tez tibbiy yordam koʻrsatiladi. Shu tariqa, ikki insonning hayoti saqlab qolindi. Hozirda ona-bolaning salomatligi qoniqarli holatda.
Qahramonlarimizdan biri, safdor E. Kalikulov ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2009 yilda boshlagan. Egallab turgan lavozimida 2022 yildan buyon xizmat qilib keladi.
Safdor T. Mansurov ham ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2016 yilda boshlagan. Egallab turgan lavozimida 2021 yildan buyon xizmat qiladi.
Mazkur holat, yaʼni M.J. nima sababdan farzandi bilan kanalga sakraganligi atroflicha oʻrganildi. Maʼlum boʻlishicha, turmush oʻrtogʻi Q.Sh. bilan doimiy ravishda oilaviy nizo boʻlib turganligi sababli, ayol ruhiy tushkunlikni boshidan kechirgan va «Shahidlar maydoni»da aylanib yurganida, oʻzini boshqara olmay «Boʻzsuv» kanaliga sakragan.
Agar hushyor va ziyrak fidoyi xodimlar suvga sakrayotgan ayolni oʻz vaqtida koʻrib qolishmaganida, kim biladi ona-bolaning taqdiri qanday yakun topardi?
Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.