Qashqadaryo viloyati IIBda viloyat IIB Probasiya boʻlimi va uning joylardagi boʻlinmalari vakillari ishtirokida joriy yilning oʻtgan davrida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda probasiya xizmati va uning joylardagi boʻlinmalari hisobida nazoratda turgan shaxslarni tarbiyalash, ish bilan taʼminlash, ular tomonidan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-fevraldagi tegishli qarori bilan probasiya nazoratidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha mutasaddi idoralarning hamkorlik mexanizmi aniq belgilab berilgan. Viloyatdagi aksariyat mutasaddi idoralar tomonidan probasiya boʻlinmalari hisobida turgan shaxslarga amaliy yordam koʻrsatish ishlari qaror talabi darajasida emasligi qayd etildi.
Nazoratda turgan shaxslar bilan muntazam profilaktik ishlar olib borilishiga qaramasdan, qayta jinoyat sodir etish holatlari uchrayotgani tanqid qilindi. Natijada boshqarma Probasiya boʻlimida nazoratda turib, amaldagi qonun talablarini buzgan nazoratdagi shaxslarning jazo turi jinoyat ishlari boʻyicha sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etishga almashtirildi.
Yigʻilishda faoliyatda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan mutasaddi tashkilotlar masʼullari oldiga aniq vazifalar qoʻyilib, kelgusida amalga oshirish lozim boʻlgan vazifalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Sodiq RAHIMOV,
“Postda” muxbiri.
Qashqadaryo viloyati.
