Mamlakatimiz ichki ishlar organlari xodimlarining bilim va kasbiy mahoratini oshirish, ularni qonunchilikdagi yangiliklar bilan tanishtirish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ularning ishtirokini taʼminlash maqsadida koʻplab tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

  Joriy yilning 26 aprelidan 5 may kuniga qadar Xorazm viloyati ichki ishlar organlari tizimidagi profilaktika inspektorlariga “shahar inspektori” va “qishloq inspektori” modellari asosida tumanlararo bazaviy sayyor oʻquv kurslari oʻtkaziladi. Mazkur oʻquv kurslarini tashkil etishdan asosiy maqsad, profilaktika inspektorlarining bazaviy huquqiy, kasbiy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini oshirishdan iboratdir. Mazkur oʻquv kursi IIV Akademiyasi, Malaka oshirish instituti, Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti, Bosh prokuratura Akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti hamda Sudʼyalar oliy kengashi huzuridagi oliy maktabning tajribali professor-oʻqituvchilari, shuningdek, Xorazm viloyati nazorat va huquq-tartibot organlari tizimida xizmat qilayotgan tajribali xodimlar tomonidan oʻtkazilyapti. Oʻquv mashgʻulotlarida professor-oʻqituvchilar va amaliyot xodimlari belgilangan dastur asosida oʻqitishning zamonaviy texnik vositalari hamda oʻquv-koʻrgazmali kurollardan samarali foydalanishmoqda. 

  – Mashgʻulotlarda faoliyatimizga oid koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldik, – deydi Bogʻot tumani IIB HPB 433-huquq-tartibot maskani profilaktika inspektori, katta leytenant Qudrat Qoʻziev. – Ayniqsa, sohadagi ilgʻor tajriba va tashabbuslarning amaliyotga joriy etilayotgani bizni yangi davr ruhi bilan xizmat qilishga undadi. 

  Oʻquv kursi davomida olgan bilim va tajribalarimizni hududlardagi jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda hamda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.   

  Mashgʻulotlarda ishtirok etayotgan tinglovchilar xizmat faoliyati davomida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammoli holatlar boʻyicha mutaxassislardan batafsil javoblar olishdi.

                                           Hamid KAZAKOV,

                                             podpolkovnik.