Navoiy viloyati IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari xodimlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning kasbiy bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida ixtisoslashtirilgan oʻquv-amaliy kurslari tashkil etildi.

Unda viloyat IIB MMI va KBTX katta psixolog-poligrafologi, kapitan Mavluda Orziyeva «Muloqot va muomala psixologiyasi», «Huquqbuzarliklarning oldini olish xizmati xodimlari etiketi va muloqot madaniyati», «Konfliktologiya, nostandart vaziyatlarda oʻzini oʻzi boshqarish», «Yuzaga kelgan turli stressli vaziyatlarda oʻzini oʻzi boshqarishning psixologik omillari» mavzularida interfaol usulda maʼruzalar qildi. Shuningdek, viloyat IIB MMI va KBTX boshligʻining XQMB oʻrinbosari, mayor Sarvinoz Dushanova mazkur ixtisoslashtirilgan oʻquv-amaliy kurslariga jalb etilgan xotin-qizlar bilan suhbat oʻtkazdi.

Oʻquv mashgʻulotlari davomida Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi talablariga qatʼiy rioya qilishlari lozimligi tushuntirildi. Olis hududlar – Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida xizmat olib borayotgan xodimalar bilan yakka tartibda suhbatlar tashkil etdi. Amaliy psixologik trening yakunida tinglovchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan aniq va batafsil javoblar olishdi.

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.