Kamtar insonlarning shunday xususiyatlari boʻladi: ular har bir berilgan neʼmatga ibrat koʻzi bilan qaraydi, hikmatini chaqishga urinadi. Sabri togʻdan baland bunday kishilar hayotda oddiylikni, samimiylikni qadrlaydi. Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi, polkovnik Xursan Aripov ana shunday kamtar, qalbi daryo inson. U bu hayotda yashashdan maqsad mansab va boylikning ortidan quvish emas, balki odamlarga koʻproq yaxshilik qilish, ularni toʻgʻri yoʻlga boshlash, yaxshi nom qoldirish ekanligini yaxshi anglaydi.
Lavhamiz qahramoni 35 yil shu sohada suyagi qotib, adolat qaror topishi uchun oʻz umrini, bilimi va tajribasini sarf qildi. Bu vaqt oraligʻida ne bir mashaqqatli yoʻllardan odimlamadi deysiz. Bugun sochlariga oralagan oq, nigohlaridagi teranlik ana oʻsha chekilgan zahmatlarning inʼikosidir.
Tizimdagi faoliyatini 1989-yilda Termiz shahar IIB Patrul-post xizmati boʻlinmasi militsionerligidan boshlagan Xursan Aripov 1995-yilda IIV Oliy militsiya maktabini tamomlagach, viloyat IIB Tergov boshqarmasida tergovchi sifatida faoliyatini davom ettirdi. Keyinchalik surishtiruv boʻlinmasi boshligʻi lavozimlarida ishladi. Hozirda boshqarmaning Tergov va surishtiruv faoliyatini tashkil etish boʻlimida katta tergovchi sifatida faoliyat olib borish bilan birga, koʻplab shogirdlarga ham ustozlik qilmoqda.
– Tergov sohasida ishlash igna bilan quduq qazishdek gap. Sababi, unda insonlarning taqdiriga taalluqli holatlar koʻrib chiqiladi, tahlil qilinadi. Har doim toʻgʻri xulosa qilish uchun kishi bilimli boʻlish bilan birga, qarshisiga chiqqan insonning oʻrniga oʻzini qoʻya olishi, odamlarni eshita bilishi lozim. Shundagina u holatga, vaziyatga toʻgʻri baho bera oladi. Ilmsizlik esa odamni oʻngʻaysiz vaziyatga duchor etadi. Ayniqsa, huquqiy savodxonlikning yetarli emasligi, qiladigan ishining oqibatini oʻylaymaslik baʼzida huquqbuzarlik, jinoyat koʻchasiga boshlaydi. Keyin ming afsus qilgan bilan befoyda. Chunki bilmay qoldim deyish qonun oldida javobgarlikdan xalos qilmaydi, – deydi polkovnik Xursan Aripov.
Lavhamiz qahramoni farzandlarini ham toʻgʻri yoʻldan yurishga undaydi. Turmush oʻrtogʻi Matluba Sayfiddinova bilan birga 2 qiz, 2 oʻgʻilni oʻziday ilmli qilib voyaga yetkazdi. Ular orasida oʻgʻli Islombek ota izidan yurishni diliga tukkan.
Polkovnik Xursan Aripov faoliyati davomida giyohvandlikka oid jinoyatlarni fosh qilishda jonbozlik koʻrsatgan. Oʻzining tirishqoqligi, fidoyiligi bilan hamkasblari orasida hurmat qozongan. 2008-yilda Prezident Farmoni bilan II darajali «Shon-sharaf» ordeni bilan taqdirlangan. Bir necha marta IIB rahbariyati hamda vazirlik tomonidan munosib ragʻbatlantirilgan.
Insonni mehnat bezaydi, deydi donolar. Xursan Aripov ham shu aqidaga amal qiladi. Bir joyda oʻtirishni xushlamaydigan qahramonimiz hovlisidagi moʻjazgina bogʻda ishlashdan zavq oladi. U yerda uzum, oʻrik, olma, gilos, nok, xurmo kabi mevali daraxtlarni erinmasdan parvarish qiladi. Buyuk musavvir boʻlmish tabiat neʼmatlarini asrab-avaylash barobarida bu hayotda har bir narsani qadrlashga harakat qiladi.
Xalqda «Kamtar boʻlding – gavhar boʻlding» degan maqol bor. Bugun sohada ana shunday qadri gavhardek qimmatli insonlarning borligi barchamizni quvontiradi.
Feruza RAHMONQULOVA,
oʻz muxbirimiz.
Surxondaryo viloyati.
