Vatan tuygʻusi kishiga ona suti va mehri bilan oʻtadi. Maʼnaviy komil insongina oʻz yurtini sevib, ardoqlaydi, tuprogʻini muqaddas bilib, begona koʻzlardan himoya qiladi. Muborak hadislarda ham Vatan himoyasi yoʻlida bajarilgan ishlar xayrli ekanligi aytilgan.
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda ham el-yurt ravnaqi, xalq farovonligi uchun xizmat qilishning ahamiyati haqida soʻz bordi.
– Moʻʼtabar diyorimizda unib-oʻsgan har bir kishi uchun ona Vatanimizning qadru qimmatini ulugʻlash muqaddas amal boʻlmogʻi kerak, – deydi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori, islomshunos olim Uygʻun Gʻafurov. – Yurt taqdiriga befarqlik bilan qarashni dinimiz ham oqlamaydi. Taʼlim-tarbiyani toʻgʻri yoʻlga qoʻymoqchi boʻlsak, avvalo, farzandlarimizni bolalikdan mard va fidoyi etib kamol toptirishimiz lozim.
Tadbirda buyuk ajdodlarimiz yurt shaʼni va or-nomusi uchun mardonavor kurashgani, Vatan tinchligi va osoyishtaligi uchun qilingan qasamyodga sodiq qolish, kasbga sadoqatni namoyon etish, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun yurakda daxldorlik tuygʻusi bilan yashash chinakam jasorat ekanligi eʼtirof etildi. Internet tarmogʻi orqali targʻib qilinayotgan mafkuraviy yot gʻoyalar, din niqobi ostidagi gʻayriislomiy aqidalar yoshlarni toʻgʻri yoʻldan adashtirmasligi borasida tavsiyalar berildi.
Jamshid XOLOV,
kapitan.