Ichki ishlar vazirining 2024 yil 8 iyundagi tegishli farmoyishiga asosan, Qashqadaryo viloyatida Ichki ishlar organlari yosh xodimlari va harbiy xizmatchilarining IV Respublika yoshlar forumiga start berildi.

Forumning birinchi kuni xotin-qizlar uchun Qarshi shahridagi “Geolog” oʻyingohida sohil voleyboli musobaqalari boʻlib oʻtdi.

Erta tongda boshlanib, qizgʻin va murosasiz oʻtgan musobaqada IIV Jazoni ijro etish departamenti voleybolchilari 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Navbatdagi sovrinli oʻrinlarni Qashqadaryo viloyati va Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmalari jamoalari band etdi.

Shahrisabz shahrida esa yigitlar uchun “Jangovar marsh” sinovlari boʻlib oʻtdi. Besh kilometr masofaga yugurish davomida ishtirokchilar dastlab qurol-aslaha toʻldirilgan qutilarni, keyingi gal yaradorlarni sanitariya nosilkasida 200 metr masofaga olib borish shartini bajarishdi. Soʻngra 200 metr zaharlangan hududni protivogazda kesib oʻtish mashqlarini bajarishdi.

“Jangovar marsh” sinovlarida belgilangan shartlarni bajarib manzilga birinchi yetib kelgan Qashqadaryo viloyati IIB jamoasi vakillari gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. 2-oʻrinni Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, 3-oʻrinni Navoiy viloyati IIB jamoalari egalladi.

Forum doirasidagi musobaqalar davom ettirilmoqda.

“Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida oʻtayotgan forum uch kun davom etadi.

Sodiq RAHIMOV,

oʻz muxbirimiz.