Xorazm viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi tadbir jarayonida juda koʻp miqdordagi giyohvandlik vositalarining gʻayriqonuniy aylanishining oldi olindi.

  Urganch shahrida yashovchi I.K. shu yilning 4 oktyabr kuni Urganch shahar Al-Xorazmiy koʻchasida ogʻirligi 9,88 gramm boʻlgan giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda 3 million soʻmga sotayotgan vaqtida qoʻlga olingan. Shundan keyin gumondorlarning yashash joyida oʻtkazilgan tintuv jarayonida ham kelgusida oʻtkazish maqsadida saqlab qoʻyilgan yana 200 gramm giyohvandlik vositasi topildi. Giyohfurushlar ushbu “zahri qotil”ni shirinlik qogʻoziga qadoqlab olib kelishganligi maʼlum boʻldi.

  Shuningdek, osoyishtalik posbonlari tomonidan joriy yilning 26 oktyabr kuni oʻtkazilgan tadbir davomida giyohvandlik savdosi bilan bogʻliq yana bir holat fosh etildi. Yaʼni, Urganch tumanida yashovchi Gʻ.M. Urganch shahar markaziy dehqon bozori hududida “opiy” giyohvandlik vositasini 2 million soʻmga sotayotgan vaqtida qoʻlga olindi. U xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida bir boʻlak qadoqlangan holdagi “opiy” giyohvandlik vositasini kelgusida oʻtkazish maqsadida saqlab qoʻyganligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.

  Endilikda, yuqoridagi holatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

                                                                           Zokir ISMOILOV,

                                                                               podpolkovnik.