Navoiy viloyati IIB JXX YHXB xodimlari tomonidan bolalar ishtirokida sodir boʻlayotgan yoʻl transport hodisalarini oldini olish maqsadida keng qamrovli profilaktik tadbir amalga oshirildi.
Uchrashuv avvalida tadbir samadorligini oshirish hamda omma eʼtiborini jalb qilish maqsadida Axborot guruhi tomonidan tayyorlangan videorolik namoyish etildi.
Unda viloyat hududida bolalar ishtirokida sodir boʻlgan yoʻl transport hodisalari , ularni keltirib chiqaruvchi sabablar aks ettirilgan. Kuzatuv kameralariga tushgan holatlar tahlil qilinib, oʻquvchilar rioya qilishi lozim boʻlgan qoidalar batafsil tushuntirilgan.
Soʻzga chiqqanlar bolajonlarga yoʻllarda harakatlanish tartibi, velosipedni boshqarishdagi va jihozlashdagi talablar, ota-onasining ruxsatisiz koʻchaga chiqmasliklari, avtomobil yoʻllarida uchraydigan turli xil tuzoqlar haqida tushuntirishlar olib borishdi.
Shundan soʻng ota-onalar bilan alohida suhbat tashkil etilib, mahalla hududida sodir boʻlgan mudhish avtohalokat, uni keltirib chiqargan omillar jiddiy muhokama qilindi.
Avtomobil yoʻllarida nazoratsiz qolayotgan bolalarning achinarli oʻlimidan hali-hanuz xulosa chiqarmayotganlar tanqid ostiga olinib, bugun bu borada barcha birdek masʼuliyat bilan ish tutmoqligi uqtirildi.
Profilaktik targʻibot tadbirlari jarayonida yigʻilganlarga oʻquvchilar uchun moʻljallangan bukletlar tarqatilib, shu hududdagi bolalar bilan birma-bir uchrashilib ularga yoʻl harakati qoidalari yana bir bor tushuntirildi.
Shuningdek, maktabga velosipedda harakatlanib kelgan oʻsmir yoshlarga ushbu transport vositasi boshqaruvida amal qilinishi kerak boʻlgan eng muhim jihatlar uqtirilib, ularga tunda nur qaytaruvchi nimcha va vositalar tarqatildi.
Jarayonda avtomobil yoʻllarida kattalar nazoratisiz yurgan kichik yoshdagi bolalar yashash manzillariga eltib qoʻyildi. Ota-onalari bilan suhbat oʻtkazilib, ular jiddiy ogohlantirildi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati
