Buxoro viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Sh. Aliyev Peshku tumani 3-sektoriga qarashli Qoraqalpoq mahallasida sayyor qabul oʻtkazdi. Sayyor qabulda tuman hokimi va sektor rahbarlari, mutasaddi idoralar masʼullari, mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi, shuningdek, yuzdan ortiq mahalla faollari ishtirok etishdi.

Dastlab viloyat IIB boshligʻi tumanning Zandane mahallasida barpo etilayotgan 620 ish oʻrni yaratiladigan “Buxoro PESHTEKS” korxonasining qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Soʻngra ishchi guruh aʼzolari tomonidan mahallada oʻrganishlar olib borilib, elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq muammolar hamda ichki yoʻllar holati koʻzdan kechirildi. Aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanib, amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Masʼullar tomonidan 10 ga yaqin mahalla faollari bildirgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, shuningdek, 15 nafar fuqaroning turli masalalardagi murojaatlari birma-bir koʻrib chiqildi. Murojaatlarning aksariyati joyida bartaraf etilib, mahallada “sohabay”, “mahallabay” va “fuqarobay” ish samaradorligini oshirish, aniqlangan ijtimoiy masalalarni bartaraf etish yuzasidan sektor rahbarlari va masʼullarga topshiriqlar berildi.

Ish yurituviga olingan, qoʻshimcha tekshirish va muddat talab qilgan murojaatlarning ijrosi alohida nazoratga olinib, mutasaddilarga bajarish muddatlari aniq koʻrsatilgan topshiriqlar berildi.

Sayyor qabul davomida surunkali kasallik bilan davolanayotgan fuqarolarga tibbiy yordam koʻrsatildi. Yana ikki nafar «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqaroga tikuv mashinasi olib berish choralari koʻrildi. Shuningdek, mahallaning 1,2 km ichki yoʻllariga shagʻal yotqizildi, 6 km yoʻllarda shagʻallashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Bundan tashqari, aholiga yanada qulaylik yaratish, zaruriy oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish, narxlarning asossiz oshib ketishining oldini olish maqsadida mahalla markazida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi ham tashkillashtirilib, eng zaruriy mahsulotlar yetkazib berildi.

Sayyor qabul yakunida boshqarma boshligʻi bugungi kunda koʻplab sodir etilayotgan firibgarlik va oʻgʻirlik jinoyatlari, ayniqsa, kiberjinoyatlarning sodir etilishiga sabab boʻlayotgan imkon, shart sharoitlar xususida toʻxtalib oʻtdi. Mazkur jinoyatlardan jabrlanib qolmaslik, shuningdek, yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan huquqiy tushunchalar berib, aholini hushyorlikka chaqirdi. Shuningdek, polkovnik Sh. Aliyev 3-sektor hududidagi mahallalarning hokim yordamchilari va yoshlar etakchilari bilan alohida suhbatlashib ular zimmalaridagi vazifalar, kelgusida rejalashtirgan chora-tadbirlari xususida fikr almashdi hamda oʻzining maslahatlarini berdi.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati.