Romitan tumani Shoʻrcha mahallasida yashovchi, 1984 yilda tugʻilgan H.N. spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda, kech soat 22:00 larda akasinikiga boradi. Akasi uyida mast yotgan ekan. Uni koʻrgan yangasi K.D. “Yana bir alkash keldi” deb kamsitganday muomila qiladi. H.N. mast emasmi, jahli chiqib, janjallashadi. Soʻngra qaerdandir oshxona pichogʻi qoʻliga tushadi. Pichoqni olib yangasining chap koʻkrak qismiga ikki marotaba, oʻng koʻkrak qismiga bir marotaba urib, ogʻir tan jarohati yetkazadi. Hozirda jabrlanuvchi tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilib, tibbiy muolajalar qilinmoqda.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan H.N.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yaqinda viloyat IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari, podpolkovnik E.Safarov, boshqarma boshligʻining oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi, podpolkovnik J.Boltayevlar, tuman hokimi va boshqa mutasaddilar, viloyat hamda tumandagi taalluqli idoralarining masʼul rahbarlari, jinoyat sodir boʻlgan Shoʻrcha mahallasi mutasaddilari, hududiy profilaktika inspektori, mahalla hududidagi qishloq va koʻcha vakillari, faollar hamda keng jamoatchilik ishtirokida jinoyatning kelib chiqish sabablari oʻrganildi. Soʻngra mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, profilaktik tadbirlar joyiga chiqib tahlil qilindi va jinoyat muhokamasi oʻtkazildi.
Jinoyatni muhokama qilish jarayonida mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan profilaktik tadbirlari va ularning natijalari yuzasidan hisobotlari tinglanib, masʼullar mazkur jinoyat sabablari va uning kelib chiqishiga omil boʻlgan shart-sharoitlar yuzasidan tushuntirishlar berishdi. Shuningdek, mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori, tuman Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash boʻlimi mutasaddilari va ichki ishlar boʻlimi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni ham tanqidiy muhokama qilindi.
Mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablarini va uning oqibatlarini tumanning qolgan mahallalarida, qolaversa viloyatning barcha hududlari va mehnat jamoalarida taʼsirchan muhokama qilib, kelgusida bu kabi ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarning oldini olish maqsadida, hududlarda “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi.
Shuhrat JALOLOV,
podpolkovnik.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
