Ekkan pomidorlarimiz har yili hosili pishar-pishmay qurib, qovjirab qolardi.
Koʻklam barg yozar -yozmay hovlimizdagi katta sadaqayragʻochga kuya tushib, boʻy choʻzmay, soya-salqin bermay qoʻyardi.
Qovunga qurt tushishi esa dehqonlar mehnatining kushandasi edi.
Hatto, achchiq boʻlsa-da, sarimsoq piyozlarga ham qurt tushardi.
Ammo bu yil aksincha,polizdagi pomidorlarimiz odam boʻyi boʻlib oʻsib, katta-katta, qip-qizil boʻlib pishdi.Onam bilan bankalar, tuzlamalar yopdik. Hammasi hovlimizdan chiqdi.Bultur esa kattagina tomorqamiz boʻla turib, pomidorni bozordan sotib olgandik.
Sadaqayragʻoch shu qadar boʻy choʻzib, yayrab-yashnab barg yozdiki, soyasiga quyoshning tangadek nuri ham tushmaydi. Uning salqinidan orom olib, hovlida mazza qilib oʻtiramiz. Qurt-purt, kuya-puya yoʻq bu yil.
Qovunlarning xil-xil navlari pishdi. Ularni odamlar qurti bormi, yoʻqmi, degan xavotirga bormay, bemalol tanovul qilishayotir.
...Bobom koʻpni koʻrgan, obi havoning foyda-ziyonlaridan xabari bor.
— Qizim koʻrdingmi, baʼzida achchiq, baʼzida shirin kerak boʻlganidek, issiq ham, sovuq ham birday zarur. Qishdagi qahraton tufayli bu yil zararkunanda hasharotlar deyarli yoʻq. Shuning uchun ham ekinlar emin-erkin oʻsib, moʻl hosil bermoqda, - deydi bobojonim.
Koʻm-koʻk barglar orasidagi qip-qizil pomidorlardan birini uzar ekanman, beihtiyor tilimga quyidagi gap keldi:
- Rahmat senga, anomal sovuq. Surayyo OʻRINBOYEVA,
Sardoba tumani.
