Safdor Bahrom Beshimov 1989 yili Buxoro viloyati Olot tumanida tavallud topgan. U bolaligida oʻzi parvarishlagan “Terra” laqabli itiga juda mehr qoʻygandi. Qahramonimiz ichki ishlar organida faoliyatini boshlagunga qadar qiziqqani uchun bu vafodor jonivorlarning oʻziga xos xususiyatlarini oʻrganib ulgurdi.
Ana shu qiziqish va mehr tufayli, mana, qariyb 11 yildan buyon kinologiya sohasida samarali xizmat qilib kelmoqda. U Navoiy viloyati IIB PPX va JTSB Kxfmbdagi faoliyati davomida koʻplab qonun buzilish holatlariga chek qoʻydi. Shuningdek, xizmat itlari parvarishi hamda ular bilan mashgʻulotlar oʻtish boʻyicha qoʻllanma muallifi hamdir. Bundan tashqari, oʻquvchi-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yoʻgʻrilgan targʻibot tadbirlarida ham oʻziga biriktirilgan xizmat itlari bilan faol ishtirok etadi.
U yaqinda “Samarqand” muntazam YPX maskanida xizmat oʻtayotib “Samarqand – Navoiy” yoʻnalishi boʻyicha harakatlanib kelayotgan avtobusni belgilangan tartibda tekshirishda ishtirok etdi. Shunda yoʻlovchilardan birining bezovtalanishi unda shubha uygʻotdi. “Linda” laqabli oʻziga biriktirilgan xizmat iti ham xuddi kinologning shubhalarini tasdiqlagandek asli samarqandlik, hozirda Uchquduq tumanida yashovchi 63 yoshli X.A. ismli yoʻlovchiga qarab tinimsiz hura boshladi. Soʻng yoʻlovchining qoʻl yuklariga “ishora qilgandek” boʻldi. Aqlli, sezgir jonivorning bezovtalanishi behuda emas ekan. X.A.ning sumkasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, uning ichidan 52 dona gugurt qutisiga joylangan oʻtkir hidli, yashil oʻtsimon modda borligi aniqlandi. Mazkur qutilar Karmana tumani IIB tergov-tezkor guruhi tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirilib olindi. Ekspertiza tekshiruvlari chogʻida ularning nasha giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlandi.
Mahliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
