Kun qahramoni
Oʻz kasbiga mehr qoʻygan, vazifasini sidqidildan bajaradigan inson bilan suhbatlashish maroqli. Ayniqsa, jurnalist boʻlsangiz, u sizni birpasda oʻz ishining ichiga olib kirib, toʻliq tasavvur hosil qilishingizga yordam beradi.
IIV Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasining Toshkent mintaqasidagi Temiryoʻl transportida xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi PPX otryadi safdor xodimi Sitora Baxtiyorova shunday xodimalardan biri. Vaqt tigʻizligi sabab u bilan uzoq gaplasha olmadim, biroq qisqa muddatli uchrashuvdan soʻng oʻz kasbini chin dildan yaxshi koʻradigan Sitora xotiramda muhrlanib qoldi.
Oʻquvchiligida fan olimpiadalarida faol qatnashgan, kollejda oʻqiganida esa “Huquq bilimdonlari” respublika koʻrik-tanlovida sovrinli oʻrinni qoʻlga kiritgan Sitora uchun ichki ishlar organlari munosib joy boʻlib koʻrindi. Barcha sinovlardan, imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtdi.
– Baʼzan kuni bilan xizmatda boʻlaman, ammo charchoqni his qilmayman. Negaki, atrofimda ajoyib hamkasblarim bor, ustozim – safdor Laziz Choriqulov eng yaqin maslahatgoʻyim. Yoningizdagilarning, oilangizdagilarning qoʻllab turganini, xayrixohligini sezsangiz, eng qiyin vazifani ham osonlik bilan bajarar ekansiz, – deydi u.
Safdor Sitora Baxtiyorova Toshkent Shimoliy vokzalida yoʻlovchi ayollarning vokzal hududiga kirishini nazorat qiladi. Yoʻlovchi qancha koʻp boʻlsa, shuncha turli feʼl-atvor: kimdir qoʻrs, kimdir xafa, biri bemor boʻlsa, boshqasi asabiy. Chiptasiz poyezdga chiqmoqchi boʻlganlar, vokzal hududiga taqiqlangan buyumni olib kirmoqchi boʻlganlar ham uchrab turadi. Shunday odamlar bilan xushmuomalada boʻlish, harakati notoʻgʻri, noqonuniy ekanini tushuntirish oson kechmaydi, albatta.
Xizmat faoliyati davomida koʻplab mayda bezoriliklar, maʼmuriy huquqbuzarliklarni aniqlagan Sitoraning hali rejalari bisyor. Koʻzlaridagi shijoat maqsadlari sari dadil borishini aytib turibdi.
Guli Nigor AVAZOVA,
“Postda” muxbiri.
