Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari, general-mayor Shuhratjon Sobirov va Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiev Sirdaryo viloyati aholisi bilan muloqot qildi.
Huquq-tartibot organlarining rahbar oʻrinbosarlari Mirzaobod tumanining suv toshqinidan jabr koʻrgan, hozirda zamonaviy qiyofaga ega boʻlgan Navbahor mahallasida istiqomat qilayotgan yoshlar bilan uchrashdi. Unda yoshlarning fikr-mulohazalari, taklif va murojaatlari tinglandi. Samimiy ruhda oʻtgan muloqotda ertangi kunimiz egalarining bandlik, tadbirkorlik, dehqonchilik uchun yer olish kabi oʻnlab murojaatlari shu joyning oʻzida oʻz yechimini topdi.
Samimiylik, oʻzaro ishonch ruhi sardobalik yoshlar bilan boʻlgan muloqotga ham koʻchdi. Tabiiy ofat tufayli oila aʼzolari qatori boshpanasi, halovatidan ayrilgan yoshlar bugungi kunda ularga yaratib berilgan shart-sharoit, bunyodkorlik uchun hukumatimizga oʻz minnatdorgini bildirishdi. Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Sobirov mamlakatimiz yoshlarining huquq va erkinliklarini kafolatlash, ularning dunyoning rivojlangan davlatlaridagi tengdoshlaridan kam boʻlmagan sharoitlarda ulgʻayishi uchun barcha ishlar qilinishini taʼkidladi.
Muloqot asnosida oʻnga yaqin sardobalik yoshlarga dehqonchilik uchun yer ajratib beriladigan boʻldi. Toʻrt nafar navqiron qizlar kelgusida tikuvchilik, goʻzallik saloni, qandolatchilik kabi yoʻnalishlarda ish boshlaydigan boʻlishdi.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
“Postda” muxbiri.
Sirdaryo viloyati.
