Urganch shahrida «Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!» shiori ostida uch avlod uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unga davlat mukofoti sohiblari, huquq-tartibot organlari vakillari, mehnat faxriylari, ustoz-murabbiylar taklif etildi.

Tadbir ishtirokchilari viloyatning diqqatga sazovor joylari, oʻquv muassasalari, maʼrifat maskanlarida boʻlib, yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Ayniqsa, bir vaqtning oʻzida 100 nafar kitobxonni oʻz bagʻriga sigʻdira oladigan hamda 100 mingdan ortiq kitob fondiga ega boʻlgan yangi axborot-kutubxona markazi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Mazkur maʼnaviyat maskanida Oʻzbekiston qahramoni Anora Mahmudova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, isteʼdodli shoira Gavhar Ibodullayeva, «Mehnat shuhrati» hamda «Doʻstlik» ordenlari sohibi Jumaboy Oʻtamov, Xalq taʼlimi aʼlochisi Qadamboy Ramazonovlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlar yoshlarimiz ongida ona Vatan, istiqlol, kitobxonlikning maʼnaviy kamoloti boʻyicha tushunchalarni yanada boyitdi.

«Uch avlod uchrashuvi» doirasidagi samimiy muloqotlar Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali, Urganch davlat universiteti, Urganch shahar «Yoshlar markazi» hamda «Qatagʻon qurbonlari xotirasi» muzeyida ham qizgʻin davom etdi. Unda Oʻzbekiston qahramonlari Ravshanbek Qurbonov, Islom Bobojonov, akademik Azimboy Saʼdullayev, taniqli olimlar Baxtiyor Doʻstchonov, Ibodulla Abdullayev, «El-yurt hurmati ordeni» sohibi Egambergan Roʻzmetov, ichki ishlar organlari faxriylari, isteʼfodagi polkovnik Shavkat Ibragimov, isteʼfodagi podpolkovniklar Bahodir Rahimov, Madamin Ochilov, Sharifboy Yusupov, mehnat faxriylari Oʻktam Rahmonov, Amin Vafoyev, Kenjaboy Ortiqov hamda Sulaymon Yusupovlar ishtirok etib, yoshlarni yurtga muhabbat, kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash mamlakatimiz ravnaqi yoʻlida muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidlashdi.

– Bu kabi tadbirlar yoshlar tarbiyasi, ularning komil inson boʻlib voyaga yetishishida ayni muddaodir, – deydi isteʼfodagi polkovnik Shavkat Ibragimov. – Chunki nuroniy otaxonu onaxonlarimiz ongu shuurida duru gavhardan-da qimmatli sanalgan ibratli nasihatlar, hikmatli soʻzlar mujassam. Ularning hayot yoʻli, erishgan yutuqlari, bebaho amallar yoshlarimizga ibrat boʻlgʻusidir. Uch avlod vakillari bilan boʻlib oʻtayotgan ushbu uchrashuvlar ham kelajagimiz egalari boʻlgan yoshlarimizning jamiyatimizdagi mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Kun davomidagi samimiy muloqotlar oqshomdagi tadbirga ulanib ketdi. Bayramona bezatilgan tantanalar saroyiga uch avlod vakillari, shu jumladan, yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashda fidoyilik bilan xizmat qilayotgan ichki ishlar organlari xodimlari hamda jonkuyar faxriylar tashrif buyurishdi. Tadbirda ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov ishtirok etib, huquq-tartibotni mustahkamlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, unga qarshi kurashishdagi fidoyi xizmatlari va jamiyatimizni yuksaltirishdagi faol ishtiroki uchun bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari hamda faxriylarni «Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi», «Aʼlo xizmatlari uchun» koʻkrak nishonlari, Ichki ishlar vazirligining esdalik qoʻl soatlari bilan taqdirladi.

 – Uch avlod uchrashuvi koʻtarinki ruhda oʻtdi, – deydi Hazorasp tumani IIB HPB profilaktika katta inspektori, mayor Bahrom Jabborov. – Yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashdagi kamtarona xizmatim yuksak baholanib, «Aʼlo xizmatlari uchun» koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganim zimmamdagi vazifaga yanada masʼuliyat bilan yondashishga, jinoyatchilikning har qanday koʻrinishiga murosasiz boʻlishga undaydi.

 

Xudoybergan JABBOROV,

 «Postda» muxbiri.

 Xorazm viloyati.

Suratlarda: tabirdan lavhalar.