Buxoro viloyati IIBda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimlari ishtirokida seminar-trening oʻtkazildi. Trening jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga oid qonun hujjatlari mazmun-mohiyatiga bagʻishlandi.
Seminar-treningda viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari va ularning taalluqli oʻrinbosarlari, ichki ishlar organlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻyicha masʼul xodimlari ishtirok etishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga yoʻllangan murojaatlarni hal etish, ularni koʻrib chiqish, natijalarini elektron tizimga joylashtirish, murojaatdagi masalani qonuniy tartibda hal etishning huquqiy asoslari, idoralararo hamkorlikdagi kamchiliklar, tizimdagi boshqa masalalar keng va atroflicha muhokama qilinib, masʼullar tomonidan trening ishtirokchilarini qiynayotgan muammoli vaziyatlar hamda savollar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimlari tomonidan tizimda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf qilish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonun va IIVning tegishli buyruqlaridagi ayrim qoidalar ishtirokchilar eʼtiboriga oddiy va sodda tilda yetkazib berildi.
Seminar-trening yakunida viloyat IIB masʼul rahbarlari tomonidan bu kabi mashgʻulotlarni kelgusida ham davomli ravishda oʻtkazib borish boʻyicha bildirgan takliflar qoʻllab-quvvatlanib, ushbu seminar-trening viloyat ichki ishlar organlari murojaatlar bilan ishlash tizimiga oʻzining ijobiy samarasini berishiga ishonch bildirildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.
