Shahnoza SOATOVA – Adliya vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi. Filolog, bloger. Telegram messenjerida «Shahnoza Soatova blogi» kanalini yuritadi.
Uzoq yillar davomida respublikamizning turli nashrlarida jurnalistik faoliyatini olib borgan. 2018 yilda oʻtkazilgan blogerlar chempionati gʻolibasi, 2020 yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
Bugun blogerlar orasida oʻz sohasini yaxshi oʻzlashtirgan, odamlarning olqishiga sazovor boʻlayotganlari koʻpchilikni tashkil etadi. Lekin «men blogerman, shuncha «podpischigim» bor» deya, oʻz manfaati yoʻlida ish koʻrayotganlar ham yoʻq emas. Bunday blogerlarga munosabat qanday? Umuman, chet davlatlarda blogerlarning faoliyat koʻrsatishi, huquqiy maqomi qanday yoʻlga qoʻyilgan?
Shu va boshqa oʻzimizni qiziqtirgan savollarga javob izlab, bloger Shahnoza Soatova bilan suhbatlashdik.
– Har bir inson jamiyatda roʻy berayotgan jarayonlarga jamoatchilik munosabatini kuzatishi va oʻzining ham mustaqil fikri boʻlishi lozim, albatta. Buning uchun bilim, milliy ong rivojlangan boʻlishi kerak. Shundagina u oqni qoradan, yaxshini yomondan farqlab, fikrlar chorrahasida oʻzi uchun muhim xulosaga kela oladi.
Blogerlar alohida kasb egasi emas, ularga jamoatchilik faollari deb qarash toʻgʻriroq boʻladi. Bunda har xil qatlam va yoshdagi, turli soha va kasb egalarini koʻrish va ularning turfa fikrlari, nuqtai nazari va qarashlaridagi oʻziga xoslikni kuzatish mumkin.
Endi bevosita blogerlarni bir yerga jamlash va ularning faoliyatiga davlat aralashuvi, maxsus qonun-qoidalar asosida ishlashi masalasiga kelsak, bu juda qiyin jumboq. Qolaversa, bu mamlakatimizda olib borilayotgan soʻz erkinligini taʼminlash borasidagi ishlarga zid boʻladi va jamiyat ham zarar koʻradi. Aynan shunday tajribani bundan bir necha yil avval Rossiyada qoʻllab koʻrishdi. Yaʼni, uch mingdan ortiq kuzatuvchisi boʻlgan blogerlarni roʻyxatdan oʻtgan Oavga tenglashtirish, ularning faoliyatini litsenziyalash va Oavlarning qonun-qoidalari asosida ishlatishga harakat boʻldi. Bu urinish muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Qolaversa, bunday cheklovlardan keyin blogerlar anonimga oʻtib ketishdi. Bu esa ular bilan ishlashni yanada qiyinlashtirdi.
– Munosabat, tahlil, tanqidni soʻz erkinligining muhim omillari, deyish mumkin. Bugun aynan shu omillar jamiyatdagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etishda qanchalik ahamiyat kasb etmoqda?
– Soʻz erkinligini taʼminlashda munosabat, tahlil, tanqid juda kerakli jihatlar. Bu shunchaki roʻy bermaydi. Bunda faktlarni oʻrganish, ularni qiyoslash va muhim xulosaga kelib, uning atrofdagilarga yoyilishi natijasida fikr fikrga urilib, yangi fikrlar tugʻiladi va aynan bir yoʻnalish boʻyicha aniq qarashlar shakllanadi. Jamiyatdagi masalalarga boshqacha nazar tashlash va turlicha nuqtai nazarlar muammolar yechimiga tezda yechim topilishida foydali, deb oʻylayman.
Shu oʻrinda bir misol keltirmoqchiman. Koʻpchilik afgʻon qozonida ovqat qilishning afzalliklarini tilga oladi. Ammo uni ishlatishni bilmagan oshpaz uchun bu buyum nihoyatda xavfli, takror aytaman – oʻta xavfli. Chunki undan qopqogʻi yopiq holda foydalaniladi. Ovqat mazali pishadi, ammo berk qozonning ichidagi bosim tobora ortib boradi. Agar vaqti-vaqti bilan shu bosim kamaytirib turilmasa, qozon «portlaydi».
Jamiyatda ham shunday jarayonlar kechadi. Yaʼni, jamiyat qanchalik yopiq va berk boʻlsa, fikr bildirilmasa, tahlil qilinmasa, odamlarning mulohazalari ichida qolsa, muloqot boʻlmasa, turlicha notoʻgʻri qarashlar shakllanib, muammolar ortib boraveradi.
Tashvishlisi, davlatning buguni, kelajagi haqida gumonlar ham koʻpayadi.
– Yurtimizdagi islohotlarga xolisona munosabat bildirib kelayotgan faol blogerlardansiz. Faoliyatingizda qandaydir toʻsiq, taqiqqa uchraganmisiz?
– Soʻnggi yillarda bunday holatlarga duch kelmadim. Biroq ayrim sabablar bilan, baʼzan oʻzimning xatolarim sabab, baʼzan iltimoslarga yoʻq deya olmay, pozitsiyamda turishga irodam yetmay, postlarimni oʻchirgan, tahrir qilgan paytlarim boʻlgan.
Agar faoliyatimda biror jiddiy qarshilikka uchrasam, yanayam qattiq kurashaman. Shuning uchun bevosita bosimlar samarali emas. Bu deganim, umuman bosimlar yoʻq, hamma emin-erkin ijod qilib, oʻn ballik shkalada oʻn ballik bemalol gapira olyapti, deyishga hali ancha bor.
Hozirda jamiyatimiz soʻz erkinligi va axbort maydonida oʻziga xos oʻtish jarayonlarini boshdan kechiryapti. Bloger sifatida buni yaxshi bilaman va quruq «xayp» ortidan chopmaslikka harakat qilaman. Balki, muammoning ildizini topib, tahlil qilaman, tomonlarni eshitishga urinaman. Agar bunga imkonim boʻlmasa, ular tomonda turib fikrlab koʻraman.
– Soha mutaxassisi sifatida yurtimizda ona tilimizning bor imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, tashkilot va idoralarda davlat tilida ish yuritish yoʻlida olib borilayotgan islohotlardan qanchalik koʻnglingiz toʻladi?
– Hammasi endi boshlandi, bugun biz «Oʻzbek tili bor, u yashashga haqli, uning qator imkoniyatlari mavjud», degan «hayqirish», yaʼni targʻibot bosqichida turibmiz. Bu borada qilinadigan amaliy ishlarimiz juda koʻp. Misol uchun, internetda oʻzbek tili boʻyicha savollar bilan murojaat qilib, javob oladigan markazlashgan yagona saytimiz yoʻq. Ingliz, rus, frantsuz va boshqa tillarda bor. Qozoqlarning uchta shunday sayti borligini aniq bilaman. Deylik, biron soʻzning imlosi, maʼnosi, tarjimasini tekshirish, atamaning maʼnosini, qisqartma soʻzlarning yoyilmasini koʻrish, u yoki bu gap gʻaliz tuzilmaganmikin, degan ikkilanishni yoʻqotish uchun mukammal lugʻatlarimiz, sohaviy atamalar jamlangan portalimiz yoʻq.
Yana bir jihat, tilimizga chetdan qanchadan-qancha atamalar, sohaviy, kundalik turmushda foydalaniladigan soʻzlar kirib kelyapti. Ular qonunchilikka ham oʻsha tilda, qanday boʻlsa, shundayligicha oʻrnashyapti. Agar bu holat davom etsa, tilimiz qurama, yaʼni har xil tildan olingan soʻzlarning oxiriga bitta kesim qoʻshib gapiriladigan tilga aylanib qoladi. Tilimiz bu borada juda muhofazasiz, deb oʻylayman. Bunga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Yaʼni, bizga kirayotgan har bitta soʻzni «filtrlab», shu turishicha oʻzbek tiliga kirsa boʻladimi yo yoʻq, oʻziga yarasha mezonlarga koʻra tahlil qilib, uning boshqa bir tarjimasi bor, deya bong urib turadigan atamalar qoʻmitasi zarur. Buning uchun izlanish, ishlash kerak.
– Tadbirlarda keng jamoatchilik, xususan, yoshlar bilan muloqot qilganda, ulardagi qaysi jihatlar sizni tashvishlantiradi? Yoki, aksincha, ular sizda hayrat uygʻota olganmi? Ertangi kun egalarining shijoatini qanday baholagan boʻlardingiz?
– Uchrashuvlarda ayrim yoshlarning gender tengligi masalalarini juda notoʻgʻri tushunishi, oʻzgarishni istamasligini koʻrib, kam kitob oʻqishidan tashvishlanaman. Ammo bu hamma yoshlarga berilgan baho emas. Shunday paytlar boʻladiki, koʻzida oʻt chaqnab turgan yoshlarning kutilmagan savollaridan, dadil fikrlaridan ilhomlanib ketaman. Baʼzan yoshlar taqdim etayotgan loyihalar ajoyib gʻoyalarga boy boʻladiki, azbaroyi xursand boʻlib ketaman. Yoshlarimizning tillarni oʻrganishga ishtiyoqi, axborot texnologiyalariga boʻlgan qiziqishlari koʻzlarimda hayrat va havas uygʻotadi. Ayniqsa, ertangi kunni, kelajagini shu el bilan bogʻlab, men, farzandlarim shu yurtda yashaymiz, deya bor bilim tajribasini millat taraqqiyotiga sarf etishga shaylangan yoshlarga hurmatim cheksiz.
– Nashrlarimizning asosiy oʻquvchilari ichki ishlar organlari xodimlaridan iborat. Ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati va muomalasiga munosabatingiz...
– Aspirantlik kezlarim mahallamizda faoliyat koʻrsatadigan profilaktika inspektori sidqidildan ishlardi. U bir-ikkita zoʻravonlarni «Bu qizga har xil gap qilmalaring, u kelajakda katta olima boʻladi» deya ogohlantirib qoʻyganini orqavarotdan eshitganman. Ilmni, ayniqsa, qizlarning ilmli boʻlishini tushungani, qadrlagani uchun haligacha undan minnatdor boʻlaman.
Biz yuridik universitet talabalarining maʼnaviyatini yuksaltirish borasida hamkorlik qilamiz. Ularni mutolaaga jalb etish, muzeylarga, kinoteatrlarga olib borishga alohida ahamiyat qaratamiz. Xoʻsh, bu nima uchun kerak? Axir, ertaga shu talabalar orasidan ichki ishlar organlari xodimlari, prokuratura xodimlari, huquqshunoslar, adliya xodimlari chiqadi. Ularda yurak, qalb tarbiyasi boʻlishi kerak. Qalbi qanotlangan insonning maʼnaviy parvozi ham yuksak boʻladi.
Fursatdan foydalanib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilayotgan xodimlarning sharafli kasbida muvaffaqiyatlar tilab qolaman.
«Postda» muxbiri
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA suhbatlashdi.
