Kasb fidoyisi
IIV Akademiyasini tamomlagan leytenant Gulnoz Gʻulomova Qoʻshkoʻpir tumani IIB HOOB VEOʻN va HPG inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshladi. Albatta uning sohaga koʻnikishi u qadar qiyin kechmadi. Shunday boʻlsa-da unga ustoz-murabbiylari yaqindan yordam berishdi. Yoʻl-yoʻriq koʻrsatishdi. Xizmat faoliyatining dastlabki birinchi yili ijobiy natijalar bilan yakunlandi va u viloyat ichki ishlar organlarining eng faol yosh xodimlaridan biri sifatida eʼtirof etildi. Shundan soʻng G. Gʻulomova guruh katta inspektori vazifasida ham oʻn yil samarali xizmat qildi. Turli tanlovlarda, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda faol ishtirok etdi.
Ayni kunda podpolkovnik Gulnoz Gʻulomova tuman IIB HPB Xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori lavozimida xizmat qilmoqda. U tuman hududidagi mahallalarda, muassasalarda, korxona va tashkilotlarda xotin-qizlar oʻrtasida jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, ish bilan taʼminlash boʻyicha samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, mahallalar kesimidagi oʻrganishlar jarayonida xotin-qizlarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish, kasb-hunarga yoʻnaltirish, imtiyozli bank krediti ajratilishida amaliy yordam berayapti. Tegishli tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bunday saʼy-harakatlar natijasida joriy yilning oʻtgan davri mobaynida profilaktik hisobda turgan 9 nafar xotin-qizlar oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ishga joylashtirildi. Yetti nafariga kasb-hunar oʻrgatish markaziga yoʻllanma berildi. Ajrim yoqasiga kelib qolgan 8 ta oilada sogʻlom muhit yaratildi. Eng muhimi, tuman hududida ayollar tomonidan jinoyat hamda huquqbuzarlik sodir etilishi keskin kamayishiga erishildi.
Lavhamiz qaxramoni yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashdagi fidoyi xizmati uchun Iivning “Faxriy yorligʻi” hamda koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan. Shuningdek, u Oʻzbekiston Respublikasi xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Yil ayoli” milliy tanlovining respublika bosqichi gʻolibi.
Yaqinda podpolkovnik Gulnoz Gʻulomova “Namunali mahalla huquq-tartibot maskanlari” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida “Eng faol xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor” nominatsiyasi gʻolibi, deb topildi.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
