Viloyat IIB boshligʻi, polkovnik M.Miralimov Shofirkon tumanida ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha “Andijon tajribasi”ni amaliyotga tatbiq etish borasida oʻrganish ishlarini olib bordi. Dastlab, sektor rahbarlari, korxona va tashkilot vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirokida “Shibirgʻon” va “Sultonobod” mahallalaridagi xonadonlar atroflarida, dalalar hamda ekin yerlari chetlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbirlari amalga oshirildi. Soʻngra “Qalmaqon” mahallasi hududida “Andijon tajribasi” asosida ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan targʻibot bannerlari oʻrnatilishi tashkillashtirildi.
Shuningdek, boshqarma boshligʻi 3-sektordagi 17 ta maktab direktorlari hamda xususiy oʻquv kurslari rahbarlari bilan uchrashdi. Bunda yoshlarning taʼlim-tarbiya olishlari uchun ularga zamon talablari asosida yetarli shart-sharoitlarni yaratish kerakligini alohida taʼkidlab, har bir maktabda oʻquvchilar uchun 1 tadan alohida jihozlangan sinfxonalar tayyorlash va xususiy kurslarga bepul foydalanishga berish borasida manzilli topshiriqlar berdi. Maktablarda tahsil olayotgan voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va ular bilan olib borilayotgan manzilli chora-tadbirlar sifati boʻyicha muhokama yigʻilishi ham oʻtkazildi.