Kun qahramoni
Sardoba tumani “Doʻstlik” mahallasi profilaktika inspektori, kapitan Bekzod Soatov 1986 yilda tugʻilgan. Oʻrta maktabdan soʻng Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tugatgan Bekzod 2013 yilda ichki ishlar organlari tizimiga ishga qabul qilindi.
U oʻz xizmat faoliyatini Yangiyer shahar IIO QB safdori sifatida boshlaydi. 2016 yilda Mirzaobod tumani IIO HPB “Bogʻiston” mahallasi profilaktika inspektori vazifasiga tayinlanadi. 2017 yil may oyidan Sardoba tumani “Doʻstlik” mahallasi profilaktika inspektori lavozimi xizmat qilib kelmoqda.
U faoliyat yuritib kelayotgan mahallada oʻtgan yilda jinoyatchilik sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi. Sardoba suv omborida tabiiy ofat sodir boʻlgan kunlari B. Soatov fuqarolar evakuatsiyasida jonbozlik koʻrsatdi. Falokat haqida xabar berilgan zahoti aholini koʻchirish ishlariga bosh-qosh boʻldi. Uning saʼy-harakati bilan mingdan ortiq fuqaro xavfli hududdan olib chiqib ketildi.
Sinovli kunlarda evakuatsiya qilinganlarga ijtimoiy yordam koʻrsatish, suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish, vayron boʻlgan uy-joylarni qayta tiklash, taʼmirlash ishlarida faol ishtirok etdi. Aynan u xizmat olib borayotgan mahallada 5 qavatli 1480 ta uy-joy barpo etilib, mahalladoshlarga tarqatildi. Bundan tashqari 90 ta 6 sotixli xonadonlar qurildi. Ushbu xonadonlar qurilishi, ularning adolatli taqsimlanishida B.Soatovning katta xizmati katta.
Ayni kunlarda aholini tadbirkorlikka yoʻnaltirish, yoshlar bandligi taʼminlash masalalarida ham katta hajmdagi ishlar olib borilayapti. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 90 nafar yoshning 8 nafariga dehqonchilikni yoʻlga qoʻyish uchun 50 sotixdan yer ajratildi. 22 nafari imtiyozli kredit evaziga quyonchilik, asalarichilik, chorvachilikka yoʻnaltirilgan boʻlsa, qolgani oʻquv kurslari orqali hunar oʻrganishga jalb qilinishi moʻljallangan.
Kapitan Bekzod Soatov ichki ishlar organlaridagi namunali xizmati uchun Sirdaryo viloyati IIB tomonidan bir necha bor ragʻbatlantirilgan.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
“Postda” muxbiri.
