Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasida viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi vakillari hamda viloyat, shahar va tumanlarning 4 ta sektori masʼul kotiblari ishtirokida “Smart mahalla” mobilʼ axborot tizimining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda ushbu axborot tizimi fuqarolarga bir qator davlat idoralari, shuningdek, sektorlar masʼullari hamda profilaktika inspektorlariga elektron tarzda murojaat etish imkonini berishi maʼlum qilindi.

Yana bir qulay jihati, arizachilar yuborilgan murojaatning koʻrib chiqilishi jarayonini kuzatib borishadi, natijaga koʻra profilaktika inspektori hamda sektor rahbari faoliyatiga baho berishadi. Bugungacha Samarqand, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida joriy etilgan “Smart mahalla” mobilʼ axborot tizimi maʼlumotlar bazasida sektorlar shtablari, mahalla fuqarolar yigʻinlari, huquq-tartibot maskanlari hamda aholi demokrafiyasiga oid maʼlumotlar bor. 

Xuddi shunday, tizim orqali hududlarda sodir boʻlayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar, qidiruvdagi shaxslar, bedarak yoʻqolganlar haqida maʼlumot olish mumkin. Bundan tashqari, ota-onalar taʼlim muassasalarining turniketi, GPS trekker hamda kuzatuv kameralariga ulangan holda farzandlarini nazorat qilishlari mumkin. Aytish joiz, tizim IIV sohaviy xizmatlari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda davlat kadastrlar palatasining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan.

Tadbirda “Smart mahalla” axborot tizimining qisqa muddatlarda respublikamizning barcha hududida joriy etilishi bildirildi. Taqdimot davomida qatnashchilarga tizimga hujjat va maʼlumotlarni yuklash tartibi batafsil tushuntirildi. Yangi dastur qogʻozbozlikni kamaytirish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishda muhim omilga aylanadi, desak xato boʻlmaydi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Postda” muxbiri.

Jizzax viloyati.