Mamlakatimiz ichki ishlar organlari tashkil etilganining oʻttiz yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati IIB Tibbiyot boʻlimida xodimlar uchun tibbiy koʻrik kunlari tashkil etildi. Uch kun davomida IIV Tibbiyot boshqarmasi markaziy muassasalarining tor mutaxassis shifokorlari tomonidan xodimlar, harbiy xizmatchilar, faxriylar va ularning oila aʼzolari malakali tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Dastlab Termiz, soʻngra Denov tumanida tashkil etilgan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik davomida Termiz shahri, Termiz va Muzrabot tumanlarida yashovchi xizmat chogʻida olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan 9 nafar faxriyning xonadonlariga ham borildi. Ularning 6 nafariga ambulator, 3 nafariga esa statsionar sharoitda davolanish boʻyicha tavsiyalar berildi.
– “Salomatlik poyezdi” dasturi doirasida tashkil etilgan tibbiy koʻrikka vazirlik Tibbiyot boshqarmasi va uning tizimidagi Markaziy gospital, Markaziy poliklinika va “Oʻzbekiston” sanatoriyasining terapevt, neyroxirurg, jarroh, kardiolog, travmatolog, pulmonolog, lor, oftalmolog shifokorlari biriktirilgan, – deydi IIV Tibbiyot boshqarmasi bosh inspektor-shifokori, kapitan Rustam Murodov. – Ular shaxsiy tarkib, nafaqaxoʻrlar va ularning oila aʼzolaridan 350 nafardan ortigʻini tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdi.
Tibbiy koʻrik davomida viloyat IIB Tibbiyot boʻlimidagi mavjud UTT, EKG, rentgen, FLG apparatlari, klinik va bioximik laborator tekshiruvlardan keng foydalanildi.
Feruza RAHMONQULOVA,
“Postda” muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
