1-dekabr – butunjahon oitsga qarshi kurashish kuni
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida OITSga qarshi kurashish markazlari tomonidan mobil laboratoriyalar, maxsus xonalar va multidissiplinar guruhlar tashkil etilgan. Respublikamizda OIV infeksiyali bemorlarga 2006-yildan boshlab «Antiretrovirus» bilan davolash boshlab yuborilgan, eng ahamiyatlisi, ushbu qimmatbaho dori vositalari hukumat tomonidan bepul berilmoqda.
OIV infeksiyasi epidemiyasiga qarshi kurashish masʼuliyatni, profilaktik tadbirlarning uzluksizligini talab etadi. Jumladan, bu haqda har bir inson yetarli darajada bilimga ega boʻlishi, undan saqlanish choralariga amal qilishi, oʻz bilimlarini yaqinlariga, jamoadoshlariga yetkazishi lozim.
Har bir shaxsning virusni yuqtirib olishga moyilligi jinsi va yoshidan qatʼi nazar, bir xil hisoblanadi. Virus odam organizmidagi biologik suyuqliklarda boʻladi va odam organizmida kuniga milliardlab koʻpayadi. Odam immunitet tanqislik virusini yuqtirib olgan shaxslar infeksiyaning manbayi hisoblanadi.
Virus bilan zararlangan odam qoni, ona suti, shahvat va qin suyuqligida virus yuqori miqdorda uchraydi va infeksiyaning yuqishiga sabab boʻladi. Soʻlak, ter, burundan oqadigan suyuqlik, balgʻam, koʻz yoshi, peshob, najas va qusuq moddalarida (tarkibida qon saqlamasa) virus kam miqdorda uchrab, kasallik yuqish nuqtai nazaridan xavfli hisoblanmaydi. Agarda, ushbu suyuqliklar tarkibida koʻzga tashlanarli darajada qon aralashgan boʻlsa, ular nisbatan xavfli hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda Odam immunitet tanqisligi virusi jinsiy, parenteral va vertikal yuqish yoʻllari orqali oʻtishi aniqlangan.
Tashqi koʻrinishiga qarab, OIVni yuqtirib olgan insonni bilib boʻlmaydi. U oʻzining kasalligini bilmay turib, boshqalarga yuqtirishi mumkin. Faqatgina odam qonini laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazib, bu kasallik yuqqanligini aniqlash mumkin. Ushbu kasallikka tekshirish istagini bildirgan shaxslar, oʻzlari yashab turgan joylardagi poliklinika, teri-tanosil kasalliklari dispanserlari yoki OITSga qarshi
kurashish markazining ishonch xonalariga murojaat etishlari mumkin. Yuqorida sanab oʻtilgan davolash-profilaktika muassasalarida aholiga bepul, murojaat etuvchining istagiga koʻra, shaxsini sir saqlagan holda, xufyona tekshiruv oʻtkaziladi.
OIV infeksiyasining oldini olishda barchamiz birgalikda faol ish olib borishimiz zarur. Doimo sogʻlom turmush tarzi qoidalariga rioya qilib yashang, shunda hayotimiz goʻzal, turmushimiz shirin kechadi. OIV infeksiyasini yuqtirish yoki yuqtirmaslik, baxtli oila qurish va uni shakllantirish har birimizning oʻz qoʻlimizda ekanligini unutmang!
Farruxbek ROʻZMETOV,
IIV Tibbiyot boshqarmasi SENBM katta mutaxassis shifokor-epidemiologi, katta leytenant.
