Oʻzbekiston Sambo assotsiasiyasi hamda IIV Malaka oshirish instituti oʻrtasida tuzilgan hamkorlik memorandumi ijrosini taʼminlash maqsadida ushbu taʼlim muassasasi Bektemir oʻquv bazasida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirni sambo boʻyicha xalqaro toifadagi hakam, sport ustasi, podpolkovnik Murodxon Toʻrayev ochib, bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan aholimizning sport bilan shugʻullanishi uchun yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar toʻgʻrisida toʻxtaldi. Shuningdek, Sambo assotsiasiyasi va IIV Malaka oshirish instituti oʻrtasidagi tuzilgan hamkorlik memorandumining asosiy maqsadi ham xodim va tinglovchilarning jangovar va jismoniy shayligini oshirish, sambo va jangovar sambo boʻyicha ularning bilim va malakalarini oshirishdan iborat ekanligini taʼkidladi. 

Uchrashuvda soʻz olgan Sambo assotsiasiyasi vitse prezidenti, xalqaro toifadagi sport ustasi Islom Adilov ham jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish hamda ommaviy sport bilan shugʻullanish har bir ichki ishlar organlari xodimi uchun muhim ahamiyatga egaligi haqida oʻzining fikr-mulohazalarini bildirdi. 

IIV Jazoni ijro etish departamenti xodimlari, jangovar sambo boʻyicha oʻtgan yilgi jahon chempionati kumush medali sovrindorlari, leytenant Sohib Hasanov, safdor Oybek Soliev hamda Osiyo chempioni, safdor Elyor Xodjimamatovlar tinglovchilarga oʻzining hayoti, sportga kirib kelishdan maqsadi hamda erishgan yutuqlari haqida soʻzlab berishdi.

Savol-javoblarga boy tarzda oʻtgan ushbu tadbir barchada katta taassurot qoldirdi.

IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati.