Oʻrinbosarning bir kuni
Ertalabki yoʻriqnomada podpolkovnik Qilichbek Oʻsarovning dunyoda va yurtimizda roʻy berayotgan muhim voqealarga oid tushuntirishlari kapitan Farhod Boyqorayevning zavqini keltirdi. U har bir fikrini raqam va maʼlumotlar bilan izohlar, samimiylik ufurib turgan soʻzlaridan yurtga muhabbati yaqqol sezilardi.
Qisqa maʼruzadan soʻng podpolkovnik roʻyxatga koʻra kimlar bilimini oshirish maqsadida kutubxonaga, yana kimlarning sport bilan shugʻullanish uchun trenajyor zaliga borishini eʼlon qildi. Keyin ayrimlarni chet tillarini oʻrganishga, boshqalarni esa zamonaviy axborot texnologiyalarini oʻzlashtirishga chaqirdi. Bu boradagi masʼuliyat yosh xodimlarga murabbiy sifatida biriktirilgan 8 nafar ofitserga yuklandi. Yoʻriqnomadan soʻng shaxsiy tarkibning asosiy qismi xizmatga yoʻl oldi.
Profilaktika inspektori Farhod Boyqorayev ham tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash uchun faoliyat hududiga otlandi. Ammo xayolini hamkasbi bilan bogʻliq oʻylar tark etmagandi. Qilichbek Oʻsarovni 5 yil ilgari Paxtakor tumanida ilk marotaba uchratgan. Oʻshandayoq qatʼiyatli va bilimli hamkasbining ishi qanchalik koʻp boʻlmasin, kitob oʻqishga vaqt topishini sezgandi.
Oʻzi ham adabiyot ixlosmandi boʻlgani uchunmi, yoshlaridagi 3 yillik farqqa qaramasdan chin doʻstlarga aylanishdi. Koʻp oʻtmay Qilichbek Oʻsarovning umuman yolgʻon gapirmasligi, har bir ishni mukammal bajarishga intilishi, oʻqish va oʻrganishdan charchamasligi, barchaga qoʻlidan kelganicha yordam berishini bilib oldi. Shuningdek unda yetakchilik qobiliyati bor. Ana shu fazilatlari bugun Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani IIB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari sifatida samarali xizmat yuritishiga omil boʻlmoqda.
Eʼtiborlisi, oʻzidagi kitobga boʻlgan muhabbatni shaxsiy tarkibga yuqtira oldi. Xodimlarni IIV tomonidan belgilangan badiiy asarlarni oʻqishga undaydi, keyin suhbat oʻtkazib, bilimlarini sinaydi. Baʼzida bu jarayon syujet, gʻoya, muallifning qahramonlar xarakterini ochib berishiga oid qizgʻin munozaraga aylanib ketadi. Kutilmaganda Alisher Navoiy, Rumiy, Fuziliy kabi turkiy ulus ulugʻlaridan soʻzlab, ayrim hamkasblarini shoshirib ham turadi.
Darhaqiqat, bugun ham podpolkovnik belgilangan rejaga muvofiq 5 nafar xodim bilan alohida suhbat oʻtkazdi. Muloqot xizmat samaradorligini oshirish, intizom va qonuniylikni mustahkamlash hamda oilaviy sharoitni oʻrganish tarzida kechdi. Soʻzlashuv oʻqilgan badiiy asarga doxil taassurotlarni bayon etish hamda mutolaa uchun yangi kitob olish bilan nihoyalandi.
Shu kuni Qilichbek Oʻsarov profilaktika katta inspektori, kapitan Asqar Boʻriboyevning xizmat uyiga borib, hamkasbi va uning oila aʼzolari bilan suhbat qurdi. Mazkur jarayonda odatdagidek soha vakillarining murakkab xizmati va ularni oilada qoʻllab-quvvatlash zarurligi haqida gap bordi. Soʻng profilaktika inspektorining turmush oʻrtogʻini ishga, bolalarini maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashtirishga kelishib olindi. Bunday muloqotlardan soʻng baʼzida zaruratga koʻra moddiy yordam ajratish yoki boshqa bir muammoni hal qilish choralari koʻriladi.
Kunning ikkinchi yarmida jadval asosida 8 nafar xodim bilan birga IIB trenajyor zalida oʻtadigan mashgʻulotda ishtirok etadi, ularning jismoniy va jangovar tayyorgarligini baholaydi. Erishilayotgan natijalarga koʻra xodimlarni ruhlantiradi, ragʻbatlantiradi. Aytgancha, shaxsiy tarkibning jangovar shayligini oshirish maqsadida haftada 2 marta qoʻl jangi va yengil atletika mashgʻulotlari uyushtiriladi.
Sport musobaqalari ham muntazam tashkil etilmoqda. Chunonchi, joriy yilning oʻtgan davrida 361 ta mashq, 23 ta musobaqa, 27 ta jangovar va jismoniy tayyorgarlikni oshirishga qaratilgan mashgʻulot oʻtkazildi. Bundan tashqari jangovar qurollarni toʻliqsiz qismlarga ajratish va yigʻish hamda oʻq otish mashgʻulotlari muntazam tashkil qilinayotir.
Madaniy-maʼrifiy tadbirlarga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, ilm, adabiyot, saʼnat namoyandalari va soha faxriylari ishtirokida 25 ta, ulugʻ ajdodlarimiz sharafiga bagʻishlangan 9 ta tadbir uyushtirildi. 7 marta muzeyga, 3 marta konsertga borilgan.
Xuddi shunday, gʻallaorollik ichki ishlar organlari xodimlari viloyat miqyosida oʻtgan “Eng yaxshi kitobxon”, “Eng yaxshi tezkor vakil” koʻrik-tanlovlarida ikkinchi, jangovar qurolni qismlarga ajratish va yigʻish boʻyicha uyushtirilgan bellashuvda birinchi oʻrinni egallashdi. Ichki ishlar boʻlimida barpo qilingan “Vatanparvarlik burchagi” viloyatda eng yaxshi, deb topildi. Tabiiyki, bu yutuqlarda maqolamiz qahramonining salmoqli hissasi bor.
Shaxsiy tarkibda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash ham podpolkovnik Qilichbek Oʻsarovning vazifalari sirasiga kiradi. Shu maʼnoda oʻrganish va reydlar oʻtkazadi, xato va nuqsonlarga yoʻl qoʻyayotgan xodimlarni oʻnglash choralarini belgilaydi. Bu borada uning shiori — “Tarbiyada tanaffus boʻlmaydi”. Aytgancha, yaqinda Gʻallaorol tumani IIB tarixiga oid risolani yozib tugatdi.
Uning ishi qancha koʻp boʻlmasin, kitob oʻqish bilan bogʻliq odatini oʻzgartirmagan. Kun yakunida, osmonda oy balqiganda adabiyot olamiga oshno tutinadi. Hozir Jaloliddin Rumiyning “Ichindagi ichindadir” asarini mutolaa qilayotir. Kitob sabab uning xonasidagi chiroq qorongʻu kechda ham oʻchmaydi...
Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani IIB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Qilichbek Oʻsarov 1985 yilda Baxmal tumanida tugʻilgan. Ichki ishlar organlaridagi xizmatini 2009 yilda Jizzax viloyati Mirzachoʻl tumani IIB huquqbuzarliklarning oldini olish guruhi militsiya tayanch punktlari profilaktika inspektori lavozimida boshladi. “Benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni va bir qancha faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. Oilali, 3 nafar farzandi bor.
Alijon ABDUSATTOROV,
“POSTDA” muxbiri
Jizzax viloyati.