Urgut tumani IIBga fuqaro E.I. ariza bilan murojaat qilib, oʻziga tegishli, oq rangli “Damas” rusumli avtomashinasini koʻchada qarovchiz qoldirganligini, ushbu mashina nomaʼlum shaxs tomonidan olib qochilib, Chorchinor mahallasida yoʻl-transport hodisasiga uchrab, transport vositasi hodisa sodir boʻlgan joyga tashlab ketilganligini, transport vositasini olib qochib ketgan nomaʼlum shaxsni aniqlab, unga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Jinoyat ishi boʻyicha hodisa sodir boʻlgan joyini koʻzdan kechirish davomida, “Damas” rusumli transport vositasidan olingan qoʻl barmoq izlari kimga tegishli ekanligini aniqlash maqsadida, Samarqand viloyati IIB Ekspert kriminalistika boʻlimiga sudga oid daktiloskopik ekspertiza tayinlanib, ekspertiza xulosasiga koʻra, mazkur qoʻl barmoq izlari Urgut tumanida yashovchi B.H.ga tegishli ekanligi aniqlanib, ushbu shaxs viloyat hamda tuman IIB JQB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushlangan.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, mazkur holat yuzasidan Urgut tumani huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
«Postda» muxbiri.
Samarqand viloyati.
