Soʻnggi yillarda ichki ishlar organlari xodimlari, ularning oila aʼzolari hamda soha faxriylarini chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va aniq tashxis qoʻyishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Tibbiyot xizmatida IIV Tibbiyot boshqarmasining malakali mutaxassislari tomonidan “Tibbiy koʻrik va davolash muolajalari” mavzusida muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi. 

Samimiy muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda shifokorlar sohaga oid koʻplab masalalar boʻyicha fikr almashishdi. Shundan soʻng, mutaxassislar tibbiyot xizmati poliklinikasiga tashrif buyurib, u yerda davolanayotgan bemorlarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdi. 

Koʻrik davomida kasallik alomatlari aniqlangan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha zarur tavsiyalar berildi. Shuningdek, malakali mutaxassislar soha faxriylarining xonadonlariga ham borib, ularning sogʻligʻini tekshirishdi.

Inson salomatligini muhofaza qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan bu kabi sayyor tadbirlar koʻpchilik bemorlar dardiga malham boʻlishi shubhasiz. 

Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri.